Prezident maktablariga qabul Kembrij universitetining Imtihon kengashi tomonidan o‘tkaziladi
Joriy yilning 28-fevral kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat Prezident maktablari o‘quv jarayonlarini rivojlantirish va shakllantirishda XTV hamda Cambridge Assessment International Education o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Memorandum doirasida Prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazishni joriy etish belgilandi.
Cambridge Assessment Prezident maktablarida o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi o‘quv dasturlarini joriy etishda ko‘mak beradi.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan yana biri Prezident maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilari malakalarini xalqaro me’yorlarga muvofiq oshirish hisoblanadi.
2019 yil holatiga ko‘ra Kembrij universiteti Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti hisoblanadi. Universitet butun dunyo universitetlari reytingida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Times Higher Education reytingiga ko‘ra, Kembrij universiteti barcha fanlarning o‘qitilishi bo‘yicha top 10 talikka kiruvchi dunyodagi yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
O‘zining 800 yillik tarixi mobaynida Kembrij universitetining bitiruvchilari orasidan mashhur taniqli matematiklar, olimlar, siyosatchilar, yuristlar, faylasuflar, yozuvchilar, hatto xorijiy davlat rahbarlari ham yetishib chiqqan. 2018-yil oktabr oyiga ko‘ra, 118 nafar Nobel mukofoti laureati, 11 nafar xalqaro akademik medalistlari, 6 nafar Turing mukofoti laureati va Buyuk Britaniyaning 15 nafar Bosh vazirlari Kembrij universitetining bitiruvchilari,talabalari hamda tadqiqotchilari safidan o‘rin olgan.
1858-yilda universitetda Imtihon Kengashi (University of Cambridge Local Examinations Syndicate) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur Imtihon Kengashi Cambridge Assessment mashhur brendi nomi bilan tanilgan. Ayni paytda Kengash baholash va test natijalari bo‘yicha dunyodagi yirik agentlik hisoblanadi. Shuningdek, dunyo miqyosida baholash va test jarayonlarini rivojlantirishda yetakchilik qiladi.
Imtihon kengashi (UCLES) Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlaridagi 10 000 ta maktabda 8 milliondan ziyod o‘quvchilarga bilimini baholashda ko‘mak beradi. Kembrij universitetida har yili 30 000 dan ortiq ekspertlar tomonidan baholash jarayoni o‘tkaziladi.
Mazkur kompaniyaning tajribasi butun jahon hamda eng zo‘r universitetlar tomonidan, ya’ni Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti, Stenford, Garvard, Yale, Kolumbiya, Prinston, Pensilvaniya, Dartmut va Braun universitetlarida, shuningdek, Yevropa Ittifoqining universitetlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarida tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 20-fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari yozma, og‘zaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.