Xalqaro matematika olimpiadasi
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida “Birlik formulasi”/“Uchinchi mingyillik” nomli xalqaro olimpiadaning final bosqichi o‘tkazildi.
Maktab o‘quvchilarining ijodiy qobiliyatini aniqlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishini oshirishga qaratilgan musobaqada 5—11-sinf o‘quvchilari bellashdi.
Xalqaro olimpiadaning dastlabki bosqichida poytaxtimiz va viloyatlardan ming nafardan ortiq o‘quvchi qatnashdi. Ular orasidan saralangan 53 nafar ishtirokchi finalda o‘z mahoratini namoyish etib, to‘rt soat davomida 5 ta masala yechdi.
— Ta’lim muassasamiz 2001-yildan buyon o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro olimpiadaning joriy yildan boshlab O‘zbekiston bo‘yicha mintaqaviy maydonchasi etib belgilandi, — deydi AFIDUMning oliy toifali matematika fani o‘qituvchisi Jamila Abdurahmonova. — Olimpiada ishtirokchilarining ishlari o‘sha kunning o‘zida xalqaro hay’atga jo‘natildi. Natijalar shu yilning 10-apreliga qadar e’lon qilinadi. Unda zafar quchgan o‘quvchilar tashkiliy qo‘mitaning diplomi bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, g‘olib maktab bitiruvchisi bo‘lgan taqdirda, nufuzli oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi. Bordi-yu, 1-, 2-, 3-o‘rinni 5—10-sinf o‘quvchilari egallasa, ular Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan turli to‘garaklarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dilshod RO‘ZIQULOV