Tabiiy fanlar qanday o‘qitilmoqda?
Maktab ta’limida har bir fanning o‘z o‘rni bor. Tabiiy fanlar qiziqarliligi, yangilig-u kashfiyotlarga boyligi bilan o‘quvchini o‘ziga tortadi.
Misol uchun, biologiya va geografiya darslari mavjudotlar, atrof-muhit haqidagi ma’lumotlarga boyligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb qilsa, kimyo va fizika laboratoriya mashg‘ulotlarining qiziqarliligi ham bu fanlardan aslo qolishmaydi. Ana shunday qiziqarli fanlarni o‘quvchilarga yetkazib berishda o‘qituvchilarning malakasi yetarlimi? Ular darslarida qanday metod va texnologiyalardan foydalanyapti?
Kasbi tumanidagi 22-maktabda viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tabiiy fanlarni o‘qitish, ta’lim jarayoniga zamonaviy ilg‘or metod va texnologiyalarni joriy etishda o‘qituvchilarning roli” mavzusidagi amaliy-uslubiy seminarda shu kabi savollarga javob izlandi.
Seminarda tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining tabiiy fanlar metodistlari, tayanch maktablarning trener-o‘qituvchilari hamda kimyo, biologiya, fizika va geografiya fanlari o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Viloyat XTB boshlig‘i o‘rinbosari M.Panjiyev, Kasbi tuman XTB mudiri T.Shoymardonov amaliy-uslubiy seminarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan amaliy ishlar, yechimini kutayotgan muammolar xususida fikr bildirdi.
Seminarning amaliy qismida Dehqonobod tumanidagi 77-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi F.Ashurov, Yakkabog‘ tuman xalq ta’limi bo‘limi tabiiy fanlar metodisti A.Samadov, Kasbi tumanidagi 13-maktabning fizika fani o‘qituvchisi Z.Arabova, Kitob tumanidagi 21-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Z.Diyorov ochiq darslar o‘tib, mavzu yuzasidan taqdimot qildi.
O‘quv-seminar ishtirokchilari tumandagi 22-maktabda kimyo, biologiya, fizika va geografiya fanlari bo‘yicha ochiq darslarni kuzatib, o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatdilar.
Sevin OCHILOV, Qashqadaryo viloyat XTB tabiiy fanlar metodisti