Oliy malaka toifasini olishi uchun o‘qituvchilarga uslubiy yordam ko‘rsatiladi
Ta’lim sifatining samaradorligi har tomonlama pedagoglar bilimiga bog‘liq. Agar o‘qituvchi o‘z ustida doimiy ishlasa, fan yangiliklari bilan muntazam ravishda tanishib borsa, o‘quvchining bilim, ko‘nikma va malakalari DTS talablari bo‘yicha rivojlanadi. Lekin bugun ayrim pedagog kadrlarning o‘zlashtirish darajasi belgilangan me’yorlardan pasayib ketgani kuzatilmoqda. Jumladan, 2018-yili o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining attestatsiyasi natijalariga ko‘ra, o‘qituvchilarning bilimi respublika bo‘yicha o‘rtacha 59,7 foizni tashkil etdi.
Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari hamda mazkur hududlardagi 60 ta tuman (shahar) va 200 dan ortiq ta’lim muassasalari pedagog kadrlar attestatsiyasi komissiyalari faoliyati o‘rganildi. O‘rganish yakunida Buxoro (150 nafar), Navoiy (100 nafar) va Samarqand (200 nafar) viloyatlarida 450 nafar mas’ul xodim uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.
— Xalq ta’limi tizimida 2018-yili o‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etgan 86581 nafar pedagogdan 41870 nafari (48,4 foiz) o‘z malaka toifasini oshirgan. 13791 nafari (14,8 foiz) esa amaldagi malaka toifalarini saqlab qolgan. 30920 nafar (36,9 foiz) pedagogning malaka toifalari tushirilgan, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining pedagog kadrlar sifati nazorati, ta’lim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurahim Nosirov. — Attestatsiya natijalariga ko‘ra, jarayonda ishtirok etgan 86581 nafar pedagogdan 4047 nafar(4,7 foiz)iga oliy malaka toifasi, 15915 nafar (18,4 foiz) o‘qituvchiga birinchi malaka toifasi, 42973 nafar (49,6 foiz) muallimga ikkinchi malaka toifasi va 23646 nafar (27,3 foiz)iga esa mutaxassis malaka toifasi berilgan.
Ta’kidlash joizki, oliy va birinchi malaka toifalari hamda mazkur malaka toifalariga talabgor pedagoglarning malaka (test) sinovlari yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining barcha sharoitlarga ega zamonaviy binolarida ilk bor onlayn tarzda o‘tkazildi. Bu esa o‘z navbatida, malaka (test) sinovlarining shaffof va xolis o‘tkazilishida asosiy omil bo‘ldi. E’tiborlisi, attestatsiya jarayonining test sinovlarini o‘tkazish uchun umumta’lim fanlaridan test savollari bazasi o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida, shu jumladan, boshqa ta’lim tillari bo‘yicha boshlang‘ich sinf hamda ona tili va adabiyot o‘quv fanlaridan qozoq, tojik, turkman va qirg‘iz tillarida shakllantirildi. Lekin shunga qaramay, oliy va birinchi malaka toifalari hamda mazkur malaka toifalariga talabgor pedagoglarning malaka (test) sinovlari natijalari, ya’ni o‘zlashtirish darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha 59,7 foizni tashkil etdi. Toshkent shahri (66,9 foiz), Buxoro (61,4), Toshkent (61,2), Namangan (61,2), Xorazm (61), Navoiy (61), Farg‘ona (60,3) viloyatlari pedagog kadrlari umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori natijani qayd etgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (57,4), Andijon (58,8), Jizzax (58,3), Sirdaryo (58,2), Qashqadaryo (56,7), Samarqand (55,3) va Surxondaryo (55,3) viloyatlarida natijalar past.
Afsuski, o‘rganishlar jarayonida pedagog kadrlar attestatsiyasi Nizom talablari asosida belgilangan tartibda o‘tkazilishi bo‘yicha ayrim kamchiliklar mavjudligi ham aniqlandi. Jumladan, pedagog kadrlar attestatsiyasini Nizom talablari asosida tashkil etish va o‘tkazish hududiy boshqarma metodistlari zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa-da, yetarlicha nazorat qilinmaganligi sababli hududlarda turli xil yondashuvga yo‘l qo‘yilgan. Ya’ni, attestatsiya jarayoni nazoratining tizimli (vertikal) boshqaruvi yo‘lga qo‘yilmagan. Respublikaning 6 hududida (Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari) attestatsiya masalasi bilan kadrlar bo‘yicha mutaxassislar, 4 hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan , Navoiy, Surxondaryo viloyatlari) ta’lim sifati monitoringi bo‘limi xodimlari, 4 hududda ( Toshkent , Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahri) esa ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sho‘balari xodimlari shug‘ullangan.
Natijada hududlarda turli mazmundagi va turli murakkablikdagi nazorat materiallaridan foydalanilgan. Ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagoglarning malaka sinovlari ayrim hududlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo viloyatlari, Toshkent shahri) hududiy boshqarmalar tomonidan o‘tkazilgan, ayrim hududlarda (Andijon, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari) esa tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan o‘tkazilishi natijasida ballar sun’iy ravishda oshirilgan, ya’ni ikkinchi malaka toifasiga talabgorlik qilgan 34226 nafar mutaxassisdan 29459 nafari o‘z malaka toifasini oshirgan.
O‘rganilgan attestatsiya komissiyalari faoliyatida Nizomning 35-bandida belgilangan attestatsiyadan o‘tayotgan pedagoglarning mehnat samaradorligi (ta’lim oluvchilarning tuman, shahar, viloyat, respublika, xalqaro ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari va turli musobaqalarda erishgan yutuqlari) va xorijiy tillar, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bilishi hamda ijtimoiy-siyosiy bilimlarini aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan suhbat jarayonlarida baholash mezonlariga rioya etilmagani, ballar sun’iy ravishda oshirib qo‘yilgani aniqlandi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda umumta’lim muassasalarida jami 442881 nafar pedagog faoliyat olib bormoqda, ulardan atigi 11202 nafari (2,5 foizi) oliy, 45389 nafari (10,2 foizi) birinchi, 138198 nafari (31,2 foizi) ikkinchi, 176603 nafari (39,9 foizi) mutaxassis malaka toifali va 71489 (16,1 foizi) nafari toifasiz (o‘rta maxsus ma’lumotli) pedagoglardir. Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2019-yil 1-yanvardan umumta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari ularning malaka toifasiga mos ravishda oshirildi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur holat pedagog kadrlarda attestatsiyadan o‘tib, o‘z malaka toifasini oshirishga katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Kelgusida Xalq ta’limi vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkorligida umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy va birinchi malaka toifali o‘qituvchilar salmog‘ini oshirish hamda ularning attestatsiyaga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlar mutaxassislarini jalb etgan holda uslubiy yordam ko‘rsatiladi.
Gulyuz ORIFJONOVA,
“Ma’rifat” muxbiri