Jahon maorifida yetakchi brendga aylangan Singapur ta’lim tizimi
Bugun ta’lim iqtisodiy va ilmiy-texnik taraqqiyotning hal qiluvchi omili, jamiyatning ijtimoiy tuzilmasini shakllantirish, unda ijtimoiy maqomlarni taqsimlash mexanizmi hisoblanadi. Buni ayni paytda xorijiy davlatlarda ta’lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirish orqali yuksak bilim va ko‘nikmaga ega kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganidan ham anglash mumkin.
Masalan, maorifga ulkan sarmoya kiritib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri — Singapurni olaylik. Singapur Britaniya mustamlakasi bo‘lgan davrda ichki sanoat, asosan, mineral yoqilg‘i va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan edi. Shunga qaramay, o‘sha davrda ham ta’lim fidoyilari yashirin tarzda bo‘lsa-da, milliy ta’limni yuk-saltirishga, taraqqiy ettirishga o‘zlarida kuch va jasorat topa olgan. Eng muhimi, qanday siyosiy-ijtimoiy voqelik ro‘y bermasin, Singapur o‘zi tanlagan yo‘lda barqaror davom etgan.
Mustamlakadan qutulib, ozodlikka chiqqach, o‘zini juda tez o‘nglab olganining bosh sababi ham shu aslida. Bugun Singapur ilmiy-texnik rivoj-lanish sohasida jahonda yetakchilardan biriga aylandi. Dongdor xorijiy oliy o‘quv yurtlarida ilm-fanning eng zamonaviy yo‘nalishlari va ilg‘or texnologiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlashga kelganda, Singapurdan «najot» topish rasm bo‘ldi. Yer shari miqyosida olganda, Singapur olimlarining ko‘pligi bo‘yicha eng kuchli 47 davlat orasida beshlikka kirgan. Ta’sirchan tomoni shuki, Singapur yalpi ichki mahsulotga nisbatan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga mablag‘ sarflash bo‘yicha sobiq mustamlakachisi — Buyuk Britaniyani ham ortda qoldirdi.
Singapurda umumiy ta’lim tizimi uch bosqichdan iborat. Mamlakat ma’muriy jihatdan 4 ta ta’lim hududiga bo‘lingan bo‘lib, har birida 7 ta maktab klasteri mavjud. Ular o‘rtacha 12—14 boshlang‘ich va o‘rta maktabni o‘z ichiga oladi.
PIRLS (Ifodali o‘qish bo‘yicha yutuqlarni o‘rganuvchi xalqaro tadqiqot markazi) xodimlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Singapur aholisi savodxonlik borasida dunyoda 1-o‘rinda turadi. Singapurlik maktab o‘quvchilari 1995-yildan buyon, ayniqsa, matematika va tabiiy fanlar (TIMSS) bo‘yicha o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro tanlovlarda eng yaxshi natijani ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda, Singapur ta’lim tizimi qanday qilib bu darajaga yetgani, uning zamirida nimalar yotishi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Bunda, avvalo, davlat tomonidan olib borilgan jiddiy islohotlar beqiyos ahamiyat kasb etganini unutmaslik lozim.
Jumladan, 1961—1991- yillarda Singapur hukumati maktab tizimi mustaqilligi va moslashuvchanligini oshirish, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini ko‘tarish, yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratishga doir ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Maqsad faqat o‘quvchilar shuurini turli fan bo‘yicha ilg‘or bilimlar bilan to‘ldirish emas, balki ularda hayotiy ko‘nikma va mas’uliyat hissini shakllantirish, birdamlik, o‘zaro yordam, yurtiga va ishiga muhabbat, qiziquvchanlik, intiluvchanlik, jasorat va moslashuvchanlik jihatlarini qaror toptirish kabi dolzarb va nozik masalalarga e’tibor qaratilgan.
Singapurda o‘quvchilar 6 yoshdan maktabga qabul qilinadi. Boshlang‘ich maktabda o‘quvchilar matematika, ingliz tili, etika, musiqa va jismoniy tarbiya kabi fanlardan asosiy bilimlarni oladi. 6-sinf oxirida ular o‘rta maktabda o‘qishni davom ettirishga munosib ekanini isbotlash uchun PSLE yakuniy imtihonini topshiradi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, PSLE milliy imtihon hisoblanadi. Sinovlar ingliz tili, ona tili, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘quvchilarning bilim darajasini tekshirishga qaratilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim 4 yil davom etadi. Ushbu bosqichda o‘quvchilar texnika sohasini, buxgalteriya hisobi, shuningdek, davlat tili va xorijiy tillarni o‘rganishga ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlardan birini tanlashi mumkin. Bu bosqichdan so‘ng umumta’lim maktablari bitiruvchilari uch yillik bilim yurti (texnikum)ga yoki ikki yillik texnika institutlariga o‘qishga qabul qilinadi. Talabalar ushbu o‘quv dargohlarida quyidagi sohalar bo‘yicha mutaxassisliklarga ega bo‘ladi: muhandislik, aloqa, raqamli texnologiyalar, biotexnologiya va buxgalteriya hisobi. O‘qishni tugatgan bitiruvchilarga ishga joylashish imkonini beruvchi diplom topshiriladi. Shuningdek, bu bosqichdan so‘ng bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalarida ham o‘qishi mumkin.
Singapur ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) muhim rol o‘ynaydi. Bu talabalarning innovatsion g‘oyalar yaratish malakasiga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Singapur maktablarini kompyuter bilan jihozlash darajasi havas qilgulik, aniqrog‘i, o‘rtacha olganda, har 5 nafar o‘quvchiga bir kompyuter to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, maktablarning 95 foizi internet tarmog‘iga ulangan. Bu o‘qituvchilarning o‘quvchilarga masofaviy ta’lim berishi uchun ayni muddao.
Singapurda boshlang‘ich ta’lim majburiy bo‘lib, ota-onalar muassasaga pul to‘laydi. Ta’lim xarajati oyiga 9,4 AQSH dollari va yiliga bir marta to‘lanadigan 79,4 AQSH dollarini tashkil qiladi. O‘rta ta’lim uchun ota-onalar har oyda 14,4 dollar va har o‘quv yili uchun bir marta 115,5 dollar to‘laydi. Universitetgacha bo‘lgan davr ta’limi uchun xarajat oyiga 19,5 dollarni va yiliga bir marta to‘lanadigan 158,8 dollarni tashkil etadi.
Singapurda davlat ajratadigan barcha mablag‘lar, shuningdek, o‘quv to‘lovlari maktab fondiga tushadi. Klaster rahbarlari esa mablag‘lar nimaga sarf etilgani haqida muntazam ommaviy axborot vositalari orqali hisob beradi.
Maktabda o‘quvchining ota-onasi bilan o‘qituvchilar o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. «Ota-ona va maktab hamkorligi» deb nomlangan maxsus dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi: a) o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratishda ota-onalar yordami; b) maktab va ota-onalar o‘rtasida ma’lumot almashish; d) turli tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish, masalan, maktab nashrlariga obuna, ota-onalar ishtirokidagi konferensiyalar; e) muntazam ravishda ota-onalarga o‘quvchilarning o‘zlashtirishi to‘g‘risidagi axborot va hisobotni taqdim etish orqali o‘quvchini to‘la nazorat qilish; f) maktab ishlarini yaxshilash maqsadida qarorlar qabul qilish jarayonida ota-onalar fikrini inobatga olish.
Singapur ta’lim tizimining o‘ziga xosligi — o‘quvchining xohishiga qarab (yoki ota-onasining maslahatiga ko‘ra) o‘qituvchi tanlanadi. Mamlakatda o‘qituvchilar malakasini oshirish sohasida Milliy ta’lim instituti (MTI) faoliyat yuritmoqda. Ushbu institutda o‘qituvchilarni uch yo‘nalish bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari mavjud: 1) professional o‘qituvchilik; 2) ta’lim vazirligida faoliyat yurituvchi mutaxassis; 3) maktab ma’muriyati boshlig‘i. Bundan tashqari, institut dunyodagi eng yaxshi pedagogik amaliyotlarni tahlil qilish bo‘yicha faol tadqiqot ishlarini olib boradi. Ta’kidlash joizki, ushbu institut mamlakatdagi malakali pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yagona institutdir.
Ta’lim vazirligi o‘rta maktab bitiruvchilari orasidan eng iqtidorlilarini o‘qituvchilikka tanlab oladi. Ular talabaligidayoq o‘qituvchi ish haqining 60 foiziga teng bo‘lgan stipendiya olib, kamida 3 yil pedagogik bilim oladi. Shuningdek, Singapur maktablarida yangi, yosh pedagoglar tajribali o‘qituvchilarga biriktirilib, tom ma’noda shogird tushadi.
Muhimi, Singapurda o‘qituvchilarga davlat xizmatchisi, davlatning eng ishongan, suyangan kishisi sifatida qaraladi. Buni ta’lim vazirligi byudjetining mudofaa vazirliginikidan keyingi — ikkinchi o‘rinda (YIMning 5 foizi) turishidan ham bilsa bo‘ladi. Har yili ta’lim sohasi uchun taxminan 12,9 milliard dollar sarflanadi. Bu davlat umumiy byudjeti(68,6 milliard dollar)ning 18,7 foizini tashkil qiladi.
Singapurdagi o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ularga o‘z-o‘zini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, har yili o‘qituvchilarning 35 foizi turli rahbarlik lavozimiga tayinlanadi. O‘qituvchilar orasidan yetakchilik qobiliyatiga egalari saralanib, yilma-yil qayta tayyorlov kurslarida o‘qitib boriladi. Bu esa mamlakatda o‘qituvchilik kasbining hurmatini oshirib, unga bo‘lgan talabni barqarorlashtiradi.
Maktab direktori lavozimiga tasdiqlangan pedagog Direktorlar akademiyasida ikki yil o‘qiydi. Birinchi o‘quv yili yetakchilik fazilatlarini o‘zlashtirsa, ikkinchi yili maktabni boshqarishni o‘rganadi. Bundan tashqari, bo‘lajak rahbarlar xorijiy davlatlarga tajriba almashish va mahorat darslari o‘tash uchun yuboriladi. Kamida olti haftaga mo‘ljallangan xorij safari bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.
2008-yili akademiya Singapur ta’lim vazirligi bilan birgalikda ta’lim muassasasining yangi tayinlangan rahbarlari uchun maxsus murabbiylik dasturini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, katta tajribaga ega rahbarlar yosh, tajribasiz direktorlarga maktab boshqaruviga oid maslahatlar beradi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Anvar XODJAYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi