Angrenda “Tabiiy fanlarda innovatsion g‘oyalar” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi
Angren shahridagi 18-maktabda “Ta’lim sifat-samaradorligini oshirish va tabiiy fanlarda innovatsion g‘oyalar” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi metodistlari, Chirchiq davlat pedagogika instituti dotsentlari, Toshkent viloyatining har bir tumanidan tajribali va faol tabiiy fanlar o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga oid fikr-mulohazalar bildirildi. So‘ngra tabiiy fanlar sho‘balarida reja bo‘yicha dolzarb mavzudagi seminar va treninglar o‘tkazildi.
Shuningdek, forum doirasida “Eng yaxshi innovatsion loyihalar va maketlar” tanlovi tashkil etildi. Tanlovda ijodkor o‘qituvchilar va soha vakillari o‘zlarining ijodiy ishlari bilan faol ishtirok etishdi va ularning ijodiy ishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Tanlov so‘ngida g‘oliblar aniqlandi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Forum yakunida ishtirokchilar so‘zga chiqib, forumga oid takliflarini bildirishdi hamda takliflar umumlashtirilib kelgusida berilgan takliflar asosida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda foydalanilishi rejalashtirildi. Tadbirdan so‘ng barcha ishtirokchilar Angren shahar o‘lkashunoslik muzeyiga sayohat uyushtirdi.