Yakka tartibdagi ta’lim
— Prezidentimizning “Kitob o‘qigan bir bola, televizor ko‘rgan o‘nta bolani boshqaradi”, degan gapini o‘zimga shior qilib oldim. Hozir ko‘proq kitob o‘qishga harakat qilyapman. Katta bo‘lsam, yurtimga kerakli inson bo‘laman, — deydi jajji Sardorbek Jamoliddinov.
Sakkiz yoshli bolakayning gaplari qalbga g‘urur bag‘ishlaydi. O‘ziga ishonchi baland bu bola oyog‘i va qo‘li yaxshi ishlamagani uchun yurolmasdi. Tibbiy muolajalardan so‘ng yaqindan beri uni ko‘rishga kelganlarni o‘z1i qarshi olishga harakat qilyapti. Uyiga mehmon kelsa, quvonchi ichiga sig‘maydi. U uyda yakka tartibda ta’lim olyapti.
Angren shahridagi 14-maktab o‘qituvchisi Saltanat Qoraboyeva dars o‘tadigan kunni Sardorbek intiqlik bilan kutadi. Muallimasi o‘zgina hayallasa, darrov qo‘ng‘iroq qiladi. Ustozi ham o‘quvchi mehrini qozona olgan. Mavzuga doir hikmatlar, rivoyatlarni ustozi bilan teng aytayotgan, X.To‘xtaboyevning “Ta’zir” hikoyasidagi Bahromjon obrazini maromiga yetkazib ijro etayotgan Sardorbekka qarab, ba’zan maktab partasida o‘tirgan ko‘pchilik sog‘lom bolakaylar shunchalik bilim olishga intilishmaydi-ya, deb o‘ylab qoldim.
“Keyingi yili, albatta, maktabga boraman”, deydi bolakay biz bilan xayrlashayotib. Ilohim, aytganing kelsin, bolajon!
Odatda, uydagi ta’lim deganda ko‘z oldimizda bemor bolaning karovati oldiga qo‘yilgan parta, devordagi doska, stol ustida faqat o‘qituvchi kelgan vaqtdagina qo‘lga olinadigan kitobni tasavvur qilamiz. Biroq Angren shahriga borib, uyda ta’lim oluvchi bolajonlarni ko‘rib, tasavvurim mutlaqo o‘zgardi. U yerda umid to‘la ko‘zlari chaqnayotgan, kelajagiga, sog‘ayib ketishiga ishonchi va ishtiyoqi zo‘r o‘quvchilar bilan tanishdim, izlanuvchan, fidoyi ustozlari bilan ular ishtirokidagi darslarni kuzatdim.
Kamola Sirojiddinova shahardagi 8-maktabning 5-sinf o‘quvchisi. Qizaloq rasm darsida ustozi Zulfiya Aliqulova ko‘magida “Milliy ko‘za va olma” natyurmortini chizayotir. Kishini hayratga soluvchi jihati shundaki, Kamola tug‘ilganda unga “tug‘ma qo‘l-oyoq cho‘ltoqligi” tashxisi qo‘yilgan. Imkoniyati cheklangani qizaloqning kelajakka ishonchini so‘ndirolmadi.
Dastlab onasi Umida Cho‘ponova qiziga 5 yoshligida ruchkani iyagi bilan tutib, ushlashni o‘rgatgan bo‘lsa, keyinchalik qizaloq o‘zi intilib, deyarli barcha yumushlarni o‘zi mustaqil bajarishni o‘rgandi. Biserdan munchoqlar tizish, badiiy kitob o‘qish va rasm chizish uning sevimli mashg‘ulotlaridan.
— Qo‘limdagi munchoqqa qarang, u doim bilagimda, men uchun qadrli, uni Kamola qizim yasab bergan, — deydi Umida Cho‘ponova. — Farzandim jismoniy imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa-da, hamma ishda menga ko‘makchi, bir joyga borishim kerak bo‘lsa, uch singlisi va ukasiga qarab o‘tiradi. Qizlarimga uy-ro‘zg‘or ishlarini taqsimlab qo‘yganman. Kamola juda tartibli va har bir ishga did bilan yondashgani uchun birov tartibsizlikka yo‘l qo‘ysa, jahli chiqadi.
Kamola kelgusida arxitektor bo‘lmoqchi. Shu bilan birga psixologlik kasbini ham o‘zlashtirmoqchi. Bir umr maktabda jismoniy tarbiya fanidan bolalarga dars bergan, direktorlik qilgan bobosi Tursunboy Cho‘ponov nabirasini zeriktirmaydi. Kunora unga kitoblar olib keladi, birga mutolaa qiladi. Qizaloqqa oiladagi muhit, atrofdagilarning do‘stona munosabati ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Tabiatan tortinchoq bo‘lsa-da, voqeaga munosabati, fikrlari aniq, so‘zlari dadil, asosiysi, o‘z bilimiga, iste’dodiga qat’iy ishonadi.
Shahardagi 9-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktabning 3-sinf o‘quvchisi Gulchehra Azimjonova tutqanoqdan aziyat chekadi. Har safar tutqanoq tutganda qizaloqning xotirasi pasayib, o‘rganganlarini esdan chiqaradi, shu bois ustozi Gulbahor Komilova u bilan o‘tilgan mavzularni takrorlashga urinadi. Lekin Gulchehraning qo‘li gul, plastilindan yasagan nafis gullarini, tikkan kashtalarini maqtasa arziydi.
Shu maktabning 8-sinf o‘quvchisi Umida Nabiyevaga “miya falaji” tashxisi qo‘yilgan. Har yili bir marta murakkab muolaja kursini oladi. Ustozi Maxtuma Qurbonovaning fikricha, har safar davolanishdan so‘ng qizning bilim olishi orqaga ketadi, ya’ni ko‘p ma’lumotlarni unutadi. O‘tgan yili 1-sinf ta’limini yengillashtirilgan darajada o‘rgangan Umida unli tovushlarni taniydi, undosh tovushlarni aytishga qiynaladi. Lekin fahm-farosati kuchli. Onasi Qumriniso Nabiyevaning aytishicha, farzandining o‘qishni, yozishni o‘rganishga ishtiyoqi baland.
Asal Abdurashidova 16-maktabning 1-sinf o‘quvchisi. Oyoqlari xastaligi sabab, tengdoshlari kabi maktabga borolmaydi, biroq zehni o‘tkir. Savollarga burro-burro javob beradi, she’rlarni baralla o‘qiydi. O‘quvchilik formasi o‘ziga yarashgan Asalxon oyog‘idagi yaltiroq, qo‘ng‘iroqchali tuflisini ko‘rsatib, otasi olib berganini aytadi. “Bunday chiroyli tuflilarni tez-tez sovg‘a qilishsa, Asaloy shularni kiyish uchun ham yurib ketadi hali”, deydi hamrohim Aziza Sattorova.
O‘quvchi ko‘proq dars o‘tilishini xohlaydi, shu bois ustozi Xurshida Yunusovani “ertaga ham kelasizmi?” deb holi-joniga qo‘ymaydi...
O‘qituvchilik — mas’uliyatli, mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasb. Biroq uyda ta’lim oluvchi bolajonlarning jismoniy, ruhiy holatini ko‘rib, muallimlik naqadar metin iroda va sabr talab qilishiga amin bo‘lasiz. Bunday ustozlarning mehnati ikki karra og‘irroq. Ammo ularga belgilangan ish haqi ancha kam: 1 soatga 12 ming so‘m. Shunday bo‘lsa-da, ustozlar noliyotgani yo‘q, bajonidil darslarini o‘tishga shoshiladi. Chunki ularni qorako‘zlar kutib o‘ti4ribdi.
Uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar xonadoniga kirib chiqar ekanmiz, hamrohim — Angren shahar xalq ta’limi bo‘limi defektologi Aziza Sattorovaning bolalarga munosabati kishini to‘lqinlantirdi. Har bir bolaning kayfiyati, xohish va qiziqishlaridan boxabar, oila a’zolari bilan yaqin qarindoshlardek xushmuomala. Bolajonlar uni yaxshi ko‘radi, kelishini intiqlik bilan kutadi. Hattoki, qo‘ng‘iroqlashib, “tug‘ilgan kunimga keling”, deya taklif qiladi. Kamola Sirojiddinovaning husnixat daftarini ko‘rib o‘tirsam, ichidan Azizaxonga yozgan maktubi chiqib qoldi. “Bolajonlarim meni kutishadi, kelmay qo‘ydingiz, deya xafa bo‘lishadi. Ishdan ortib, ulardan xabar olishga harakat qilaman”, deydi Azizaxon kulib. Aziza Sattorovaning tashabbusi bilan 2019-yilning fevral oyi Angren shahrida “Uyda yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilar oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik davomida uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi 90 nafar o‘quvchi ishtirokida maktab rahbarlari, psixolog va defektologlar birgalikda ochiq darslarni kuzatib, ustozlarni baholab borishdi.
Nazokat XOLMETOVA,
“Ma’rifat” muxbiri