Tizimdagi islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlashda hududiy boshqarmalar mas’uliyati oshirilmoqda
Joriy yilning 15-mart kuni Andijon viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan “Xalq ta’limi tizimidagi islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlashda hududiy boshqarmalarning mas’uliyati” mavzusida Respublika seminari o‘tkazildi. Bu Xalq ta’limi vazirligi аxborot xizmati ma’lumot berdi.
Tadbirda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Respublika ta’lim markazi rahbar xodimlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, uslubiy xizmat bo‘limi metodistlari, tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi vakillari hamda pedagoglar ishtirok etdi.
Seminar doirasida sho‘balarda treninglar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor pedagoglarning kasbiy salohiyati va mahoratini oshirishga qaratildi. Ishtirokchilarga ta’limning innovatsion shakl va usullari haqida keng ma’lumot berildi.
O‘quv-treninglarda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o‘zaro tajriba almashish, ijodkorlik yo‘nalishidagi izlanishlarni rivojlantirish bo‘yicha talab va takliflar tinglandi.
Trening yakunida metod birlashmalar faoliyatiga yangicha yondashish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish hamda shu asosda ta’lim sifatini oshirish maqsadida “Eng yaxshi metod birlashma rahbari” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.