To‘polonchi o‘quvchi qanday qilib namunaliga aylandi?
Eshik taqilladi. Ostonada o‘quvchisining bobo-buvisini ko‘rgan o‘qituvchi ularni ichkariga taklif qildi. Ammo ko‘nishmadi.
— Uzr, muallima, o‘g‘lim kelinim bilan xorijda, nabiramizning tarbiyasiga sal qiynalyapmiz-da...
— Xavotirga o‘rin yo‘q. Hozir unda yaxshi tomonga o‘zgarish bor…
— Qo‘ying, muallima, hali biror o‘qituvchi u haqda yaxshi fikr bildirmagan. Aslida, bugungi voqea sabab uyingizga keldik. Unga yaxshi o‘quvchilar qatori sovg‘a beribsiz. Albatta, uydagilaringga ko‘rsat, debsiz. Iltimos, bolani o‘quvchilar ichida izza qilmang, kamchiliklarini o‘zimizga ayting. Bu sovg‘a kinoya ekanligini tushundik. U bu haqda maqtanib do‘stlariga aytgan ekan, seni o‘qituvching kalaka qilgan, deyishibdi.
Muallima hali maktabga kelganiga uch-to‘rt oylar bo‘lgan, sinfda haddan tashqari to‘polonchi, sho‘x o‘quvchilar bilan ishlashning noodatiy usulidan foydalanmoqchi edi. U kelgan zahotiyoq birinchi navbatda shunday o‘quvchilar bilan ish olib borish kerakligini tushundi va asosiy e’tiborni ularga qaratdi. Sal harakat qilsa bo‘ldi, ularni qo‘llab-quvvatladi. Darslarda a’lochi va past bahoga o‘qiydigan o‘quvchini juft qilib qo‘ydi. Avval unisi javob beradi, so‘ng a’lochi o‘quvchi berilgan javobni to‘ldiradi. Har bir bolani iqtidoriga qarab yo‘naltirdi. Shu tariqa sinfda o‘quv ishlari, xo‘jalik ishlari, tanlovlar bo‘yicha “rahbarcha”lar paydo bo‘ldi. Bunday mas’ul “lavozim”larga tayinlangan bolalar bor g‘ayratini sarflab, o‘z o‘rnini saqlab qolishga harakat qilishdi. Shu paytga qadar qoloq o‘quvchilar safiga kirganlarga yetakchilik imkoni berildi. Bu harakatlari qisqa muddatda natijasini berib, o‘quvchilarda fanlarga nisbatan qiziqish ortdi. Ayniqsa, intilayotgan bolalarni rag‘batlantirib, ularga ruchka, qalam, daftar, yondaftarcha, kitob sovg‘a qila boshlagandi, sinfdagi o‘zgarish yanada jonlandi. O‘zi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi emasmi, darsdan keyin badiiy asarlarning mazmunini ifodali so‘zlab berishdan tortib, qahramonlar obrazini yaratish bo‘yicha sahna ko‘rinishlari uyushtirishi o‘quvchilarning kitobga qiziqishini yanada orttirdi.
Otasi yo onasi xorijda bo‘lgan oila farzandlarining tarbiyasiga alohida e’tibori, ularni ko‘proq tergashi avvaliga amma-xolalarga yoqmay, “Bolamizning ko‘nglini og‘ritmang” deb kelgandi, hatto. Mana, bugun bobosi bilan buvisi kelib o‘tiribdi. Muallima bular haqida ularga so‘zlab berdi. Va bu sovg‘a kinoya emasligini, haqiqatan bolada ijobiy tomonga o‘zgarish borligini, ishonmasa, ertaga maktabga kelib, bu haqda boshqa o‘qituvchilardan so‘rab bilishini aytdi.
Bobo bilan buvi xursandchiligini yashirmay, o‘qituvchiga mingdan-ming rahmat aytdi.
Toyloq tumanidagi 31-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Dilfuza Sayidovaga sinf rahbarligi topshirilgach, bolalar bilan xuddi shu tarzda ish boshlagandi. Sinf rahbarligi alohida mas’uliyat ekanini his qilgan o‘qituvchi bugungi o‘quvchilarni faqatgina tergash bilan tarbiyalab bo‘lmasligini anglagan holda ish ko‘rdi. Ammo kezi kelganda tergadi, kezi kelganda rag‘batlantirdi. Natijada bolam shu o‘qituvchining sinfiga tushsin, deguvchilar soni kundan kun ko‘paydi. “O‘qituvchi uchun bundan ortiq e’tirof yo‘q”, deydi Dilfuza Sayidova.
Gulrux MO‘MINOVA