Ta’lim sifatini oshirishning muhim omili
Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tajribalarni ommalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamkorlikda respublika miqyosida seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu seminarlarning birinchisi joriy yilning 16-mart kuni Toshkent viloyatida tashkil etildi. Seminarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazining xodimlari hamda Toshkent viloyatidagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘lim mudirlari, inspektor-metodistlari, tayanch maktab direktorlari ishtirok etishdi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qiladi.
“Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusida tashkil etilgan ushbu seminarda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tajribalarni ommalashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, bugungi kunda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning foydalanishlari uchun turli mutaxassis bo‘lmagan odamlar tomonidan internet saytlari orqali go‘yoki, “PISA testlari” sotilayotganligi va bularning soxta ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Hurmatli o‘qituvchilar ushbu soxta PISA tadqiqotlari testlariga aldanib qolmang!PISA, PIRLS, TIMSS va TALIS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishda o‘tgan yillar davomida qo‘llanilgan namunaviy testlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qoshidagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan taqdim etilishi aytib o‘tildi.
Shu o‘rinda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar to‘la tushunib olishlari uchun xalqaro tadqiqotlarning mazmuni haqida keltirib o‘tish maqsadga muvofiq:
PIRLS — boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasi baholash;
TIMSS — 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;
PISA — 15 yoshli o‘quvchilarning o’qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;
TALIS — umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari va o‘qituvchilari bilan so‘rovnoma o’tkazish orqali maktabda o‘qitish va ta’lim olish jarayonlari samaradorligini baholash.
PISA xalqaro tadqiqotida 15 yoshu 3 oylikdan 16 yoshu 2 oylikkacha bo‘lgan o‘quvchilar qamrab olinadi. Tadqiqotni har uch yilda bir marotaba o‘tkazilishi esa davlatlarga o‘z ta’lim tizimlarida kelajakda erishish ko‘zda tutilgan asosiy maqsadlarni aniqlab olish imkoniyatini yaratib beradi.
Dasturda quyidagi masalalarga e’tibor qaratiladi:
• Maktablar o‘quvchi yoshlarni katta hayotga o‘tishiga munosib ravishda tayyorlay olayaptilarmi?;
• Qaysi turdagi o‘quv dasturlari boshqalariga nisbatan samaraliroq;
• Maktablar ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan o‘quvchilarning sharoitini yaxshilanishiga qanday yordam beradi va boshqalar.
PISA muayyan maktab o‘quv dasturlarining ustunligini o‘rganish o‘rniga, o‘quvchilarning asosiy mavzularda bilim va ko‘nikmalarini qo‘llay olish qobiliyati, muammolarni tahlil qilish, sharhlash va samarali hal qilish, fikrlash va muloqot qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. Yurtimizda o‘quvchilarimizning xalqaro tadqiqotlarda munosib ishtirok etishi, har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rishingizga bog‘liq.
PISA – xalqaro tadqiqotlarida munosib ishtirok etish uchun o‘quvchilarimizda maktabda olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish ko‘nikmalari shakllantirishimiz, buning uchun mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan quyidagi ishlarni amalga oshirishimiz zarur bo‘ladi.
• ta’lim sifatini xolisona monitoring qilish imkonini beradigan milliy baholash tizimini yaratish;
• ta’lim sifatiga ta’sir qiluvchi moddiy-texnik bazani shakllantirish;
• xalqaro ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish;
• xalqaro tadqiqotlar asosida qo‘shimcha metodik qo‘llanma va adabiyotlar yaratish;
• xalqaro tadqiqotlar yo‘nalishlaridagi savollar milliy bazasini yaratish va o‘quv dasturlariga integratsiya qilish;
• xalqaro tadqiqotlarga asoslangan holda tegishli fanlardan o‘qitishning shakllari, metodlari va texnologiyalarini yangilash va o‘qituvchilarning bu borada xabardorligini oshirish, tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish.
• pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlarini xalqaro tadqiqotlar talablariga moslashtirish.
Ma’lumot uchun, PISA xalqaro tadqiqotida ishtirok etish bilan bog‘liq iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro READ dasturi, Avstraliya ta’lim tadqiqotlari kengashi va Rossiya Ta’lim akademiyasi Ta’limni rivojlantirish strategiyasi instituti,Ta’lim sifatini baholash milliy markazi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, maslahatchi sifatida xalqaro ekspertlar jalb qilingan edi.