Bayramni qanday nishonlaymiz?
Ko‘klamning ko‘rkam ayyomi — Navro‘z arafasida tabiat o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Uning tarovati odamlar kayfiyatiga inadi, yurtdoshlarimiz shodmonligi yuz-ko‘zidan bilinadi. Yangiariq tumanidagi 38-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulnora Jabborovaning “Navro‘z — bahor bayrami” mavzusidagi ochiq darsida bu jihat har qachongidan-da yaqqol sezildi.
Sinfxona bayramona suratlar va ko‘rgazmali vositalar bilan bezatilgan. O‘quvchilarni milliy an’analarga hurmat ruhida voyaga yetkazishga qaratilgan darsda Navro‘z bayrami tantanalari, urf-odatlari aks ettirilgan videolavha namoyish etildi. Ingliz tiliga integratsiyalashtirib o‘tkazilgan mashg‘ulotda mehmon bo‘lgan xorijlik sayyoh mehmondo‘stlik, halol mehnat, xayr-u saxovatga yo‘g‘rilgan milliy qadriyatlarimizni sanab, O‘zbekistonga ilk marta kelgani uchun ochiq dars bahonasida o‘quvchilar bilan birga, Navro‘z qanday nishonlanishini o‘rganmoqchiligini aytdi.
O‘qituvchi o‘tilgan mavzu yuzasidan o‘quvchilar bilimini aniqlash va mustahkamlash maqsadida “Erkacholning o‘rigi” hikoyasi yuzasidan bolalarga savollar bilan yuzlandi:
— Bu hikoya nima uchun voqeiy hikoya deyilgan? Yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyev bobosi haqida nimalar deb yozadi? Hikoya nima uchun “Erkacholning o‘rigi” deb nomlangan?
Javoblar tinglangach, mehnat haqida maqol aytish musobaqasi uyushtirildi.
Yangi mavzuga o‘tishdan oldin muallima “Aqliy hujum” metodi orqali o‘quvchilarning bahor qanday fasl ekaniga qisqacha ta’rifi, oiladagi bahorgi ishlar, bu mavsumda qaysi bayramlar nishonlanishi, milliy yoki umumxalq bayrami deganda nimani tushunishini so‘radi.
Ustoz ularning fikriga Navro‘zda kun va tun tenglashishi, 21-martdan yangi kun boshlanishini qo‘shimcha qilib, yangi mavzu nomini yodga soldi:
— Bugun siz bilan Muzayyana Alaviyaning Navro‘z bayrami haqidagi asari bilan tanishamiz.
Olimaning adabiyot sohasidagi ishlari haqida qisqacha ma’lumot berilgach, audiomatn eshittirildi. Doskaga asar mazmunini ifodalovchi rasmlar ilib qo‘yar ekan, pedagog yana o‘rtaga savol tashladi: “What does this text means? (Asar nima haqida ekan?)”.
Ilmiy-ommabop uslubdagi matnning murakkabligi bois sinf o‘quvchilari to‘rt guruhga ajratilib, har bir guruh o‘ziga nom tanladi: 1-guruh “Boychechak”, 2-guruh “Navro‘z”, 3-guruh “Ko‘klam”, 4-guruh “Bahor”.
Matn yuzasidan topshiriqlar alohida kartochkada guruhlarga tarqatiladi:
1. Erta bahorda tabiatda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? (Daraxtlar kurtak yozadi, butun borliq qish uyqusidan uyg‘onadi).
2. Navro‘z kunlari qanday ishlar qilinadi? (Bobodehqon dalasiga yo‘l oladi, yerlar haydaladi, ariqlar, ko‘chalar tozalanadi, daraxtlar oqlanadi, hamma yoq supurib-sarishtalanadi).
3. Navro‘zda qanday taomlar pishiriladi? (Sumalak, halim, ko‘ksomsa).
4. Bahorda ochiladigan qanday gullarni bilasiz? (Boychechak, chuchmoma, gulbeor).
O‘quvchilar savollarga matndan javob topib yozdilar. To‘ldirilgan kartochkalar yig‘ib olinib, bir nechasi ovoz chiqarib o‘qildi va tahlil qilindi.
Lug‘at ishi uchun matndagi ma’nosi, imlo va talaffuzi ustida ishlanishi lozim bo‘lgan quyidagi so‘zlar avvaldan doskaga yozib qo‘yilgan, xattaxtaning ikkinchi betidagi bu so‘zlar ma’nosi o‘quvchilar diqqatiga havola qilindi:
singiydi — shimiladi — absorb;
kurtaklari yoziladi — kurtaklari ochiladi — sprouting;
bo‘g‘ot — uy tomining pastki qismi — roof;
sumalak — tarnovdagi osilgan muz — hanged ice;
yosh to‘kmoqda — erimoqda — melting.
Topshiriqqa javoban guruhlar bahor tabiati, Navro‘zga tayyorgarlik, dehqonlarning mehnat faoliyati bayon etilgan o‘rinlarni topib, qayta hikoya qiladi. Shuningdek, Navro‘zda tug‘ilgan chaqaloqqa qanday ism qo‘yilishi hamda qariyalar qanday tilak bildirishini bilib oldi.
O‘qituvchi suhbat asosida o‘quvchilar bilan birgalikda reja tuzdi. Reja nima uchun tuzilishi izohlangach, bir necha alohida ajratilgan matn qismlariga shunday nom berildi:
1. Yilning yangilanishi.
2. Dala ishlarining boshlanishi.
3. Navro‘z bayramining nishonlanishi.
4. Bayramdagi milliy an’analar.
5. Olimaning bolalarga tilaklari.
Yakunda barcha faol va ilg‘or o‘quvchilar o‘ziga xos bahoriy bezaklar aks ettirilgan rag‘bat kartochkalari bilan taqdirlandi.
Dars so‘ngida chet ellik sayyoh o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Navro‘zda yaxshi niyat qilish, g‘iybatdan tiyilish, araz-ginalarni unutish, qarindosh-urug‘ yoki marhumlar qabrini ziyorat qilish, otni, itni urmaslik, bug‘doy undirib, sumalak pishirish, bemorlarni bayram taomlari bilan yo‘qlash odati uning uchun yangilik ekani, endi Navro‘z qanday nishonlanishini bilib olganini ta’kidladi.
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri