“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” respublika tanloviga start berildi
Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” respublika tanloviga start berildi.
Tanlov uch bosqichda tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar va respublika miqyosida bo‘lib o‘tadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun aniq talablar belgilangan. Mazkur tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dars berayotgan oliy ma’lumotli, kamida 3 (uch) yillik pedagogik stajga, ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ishtirok etishlari mumkin. Har bir o‘qituvchi faqat bitta fandan qatnashish huquqiga ega.
Ta’kidlash joizki, joriy yildan tanlovning shaffofligini ta’minlash hamda keng ommani jarayonga jalb etish maqsadida tanlovga o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, ishtirokchilar joriy yilning 18 martidan to 5 apreliga qadar onlayn shaklda ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi o‘qituvchilar http://bit.ly/teacher-of-year ҳаволаси orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
E’tiborlisi, pedagoglarga yanada qulaylik yaratish maqsadida tanlov shartlariga qator yangiliklar joriy etildi. Jumladan, joriy yilda hakamlar hay’ati tarkibi a’zolari barcha hududlardan teng miqdorda olinadi. Ishtirokchilar hujjatlari soni 10 tadan 5 taga qisqartirilgan. Bundan tashqari, tanlov shartlari 5 tadan 3 taga qisqartirildi.
Tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan g‘oliblar mos ravishda eng kam ish haqining 15, 12, 8 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etishni istagan o‘qituvchi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida shaxsiy sahifasi (akkaunti)ga ega bo‘lishi lozim. Ishtirokchining Facebook akkaunti omma uchun ochiq bo‘lishi va faoliyatini o‘z akkaunti orqali #yiloqituvchisi2019 va #yilo‘qituvchisi2019 xeshteglaridan foydalangan holda muntazam yoritib borishi talab etiladi. Ushbu yangilik keng ommani o‘qituvchilar faoliyati bilan tanishtirib borish maqsadida tanlov shartlariga kiritildi.
Joriy yilda tanlovning respublika bosqichida ishtirok etayotgan o‘qituvchilarga keng ommaning ham ovoz berishiga imkon beriladi. Ovoz berish jarayoni Xalq ta’limi vazirligining Facebookdagi (http://www.facebook.com/uzedu) rasmiy sahifasida tashkil etiladi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra o‘qituvchilar ma’lum bir ballarga ega bo‘ladi.
Hurmatli pedagoglar! Tanlovda ishtirok eting va eng yaxshi o‘qituvchi ekanligingizni iqtidoringiz hamda mahoratingiz orqali namoyon qiling.