O‘quvchilar qaysi kasbni o‘rganyapti?
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10-11-sinf o‘quvchilariga o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar” mavzusida media-tur o‘tkazildi.
Tadbirda jurnalistlar vazirlik tasarrufidagi profilli mehnat ta’limiga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi, Olmazor yengil sanoat hamda Toshkent qurilish va milliy hunarmandlik kasb-hunar kollejlaridagi o‘quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Toshkent shahridagi barcha tumanlarda O‘IChM faoliyatiga doir ko‘rgazma namoyish etildi.
— Ayni paytda o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilarga 51 ta kasb o‘rgatilmoqda, — deydi vazirlikning ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Qodirov. — Ushbu kasblar bo‘yicha o‘quvchilar bilimiga qo‘yiladigan malaka talablari, mazkur talablar asosida o‘quv reja va dasturlari, o‘quv-uslubiy materiallar, o‘quvchilarni baholash mezonlari ishlab chiqilgan va uzedu.uz, eduportal.uz, upk.kasb-hunar.uz manziliga joylashtirilgan. Yoshlarga maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasb-hunar o‘rgatish, kasbiy ko‘nikma bergan holda mehnat bozoriga tayyorlash kasbiy ta’limning asosiy maqsadi sanaladi.
— Toshkent qurilish va milliy hunarmandlik kasb-hunar kollejidagi majmuada mebelsozlik yo‘nalishi bo‘yicha jihozga ishlov berish, randalash, shakl yaratish texnologiyasini o‘rganyapman, — deydi Olmazor tumanidagi 233-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Bekzod Soipov. — Haftasiga 6 soatlik mashg‘ulot davomida texnika xavfsizligi, sanitariya-gigiyena qoidalari bilan tanishtirilgach, xomashyodan zarur texnik uskuna va qo‘l mehnati yordamida mahsulotni tayyor holga keltiramiz. Uyda mustaqil tarzda dastlabki yasagan stol-stulimdan ota-onam xursand bo‘ldi.
Media-turda ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yilida jami 1748 ta O‘IChMda 737600 nafardan ortiq 10-11-sinf o‘quvchilari kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. 1059 kasb-hunar kolleji bazasida tashkil etilgan O‘IChMga 8083 ta maktabning 658456 nafar o‘quvchisi (89,2 foiz), 689 ta umumta’lim muassasasi bazasidagi O‘IChMga 1399 ta maktabning 79641 nafar o‘quvchisi jalb etilgan. Poytaxtimizdagi jami 77 ta kollejning 31 tasida O‘IChM tashkil etilgan. Muayyan kasb bo‘yicha ijodiy, innovatsion fikrlash, tashkilotchilik hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali ularning ish bilan bandligini ta’minlashga ko‘mak beriladi.
Dilshod RO‘ZIQULOV