Ona tili ikki guruhga bo‘lib o‘qitilsa...
Qaysi chet tilini o‘rganmaylik, avvalo, o‘z ona tilimizni mukammal bilishimiz lozim. Bugungi yoshlarda til o‘rganish istagi kuchli, ota-onalar ham farzandim qancha ko‘p til bilsa, kelajakda shuncha imkoniyat eshiklari ochiladi, deb hisoblaydi. Shu ilinjda 1-sinfdanoq bolalarini o‘z ona tilidagi guruhlar qolib, ta’lim rus tilida olib boriladigan guruhlarga berish avj olgan. Natijada bola chet tillarni yaxshi o‘zlashtirayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘z ona tili bo‘yicha haminqadar bilimga ega bo‘ladi. inson chet tilida qanchalik mukammal so‘zlamasin, grammatikasini chuqur bilmasin, ona tilida to‘g‘ri gapirolmasa, to‘g‘ri yozolmasa, biz uni savodxonlar safiga qo‘sholmaymiz.
Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan sinfdagi o‘quvchilarda ham shu holatni kuzataman. O‘quvchi ona tili tarixi, grammatikasini chuqur o‘rganmay turib, ingliz tili grammatikasini o‘zlashtirishga oshiqadi. Axir, qanday qilib o‘zbek tilidagi so‘z yasovchi qo‘shimchalar yoki grammatikani bilmay, chet tili grammatikasini o‘rganish mumkin? Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, “Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 12-yanvar sonida chop etilgan “Jahonga yo‘l faqat ingliz tili orqali emas” maqolasida keltirilgan ayrim holatlarga, masalan, tarjimonlarning tajribasizligiga ham aynan shu muammo sabab bo‘lmoqda.
Til o‘rganishga xohish bildirgan bolada, bilingki, ko‘proq filologiya yo‘nalishiga moyillik bor. Biz, ona tili va adabiyot o‘qituvchilari bu bolani o‘z fanimizga qiziqtira olsak, demakki, ana shu o‘quvchi kelajakda o‘zi va ota-onasi o‘ylaganidan ham ko‘proq yutuqqa erisha oladi. Biz esa tilimizni chuqur biladigan, savodxon, ona tili qadrini baland tutadigan vorislarning ko‘payishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Ko‘pincha bir savol o‘ylantiradi. Nega endi chet tili darsi ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi-yu, ona tili va adabiyot fani bunday emas? Pedagog qanchalik mohir bo‘lmasin, ba’zi sinflardagi 40 dan ziyod o‘quvchiga mavzuni birdek tushuntirolmaydi. Bunday sharoitda har qancha innovatsiya, yangi pedtexnologiya bilan ishlansa ham samaraga erishish mushkul. Yurtimizda chet tillarda mukammal so‘zlaydigan yosh mutaxassislarga qancha ehtiyoj katta bo‘lsa, kerak bo‘lsa, ona tilini chuqur biluvchilar ham shunchalik zarur. Chet tillarni sifatli o‘rgatish uchun, avvalo, ona tilimizni yuqori darajada o‘qitishimiz lozim. Ona tili va adabiyot darslari ham ikki guruhga bo‘lib o‘tilsa, o‘qituvchi ham o‘quvchilar bilan individual tartibda shug‘ullanishga ko‘proq vaqt ajratadi. Hech bo‘lmaganda o‘quvchi soni 30 nafardan ziyod bo‘lgan sinflar uchun bunday sharoit juda ham muhim.
Odinaxon AHMEDOVA, Bag‘dod tumanidagi 51-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi