2021-yilda O‘zbekiston maktablari PIRLS-2021 dasturida sinovdan o‘tkaziladi
Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev hamda Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi ijrochi direktori Dirk Xastedt o‘rtasida boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash PIRLS xalqaro ilmiy tadqiqotlarida ishtirok etish huquqini beruvchi rasmiy kelishuvi imzolandi. Bu haqda inspeksiya m atbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur rasmiy kelishuvning samarasi sifatida 2021-yilda O‘zbekiston maktablari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining savodxonlik darajasi xalqaro miqyosida PIRLS-2021 (Progress in International Reading and Literacy Study) dasturida sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu baholash tizimi bir necha bosqichlarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ya’ni rivojlantirish, test sohalari, asosiy so‘rovlar hamda natijalar hisoboti kabi jarayonlardan tashkil topadi.
Uning eng ahamiyatli tomoni shundaki, so‘ngi bosqichda natijalar yetuk xalqaro ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan tahlil qilib, unga ko‘ra kerakli ko‘rsatma, tavsiyalar ishlab chiqilishiga erishiladi. Bu esa o‘z navbatida yurtimizda ta’lim sifatining yanada ortishiga, o‘quvchilar bilimining dunyo standartlari asosida shakllantirilishiga, ayniqsa mamlakatda inson kapitali ko‘rsatkichlarini oshirish orqali kelgusida O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada o‘sishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillarning rivojlanishi va keng taraqqiyotiga zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’lim inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev ushbu kelishuv davomida ushbu xalqaro kelishuvning imzolanishi O‘zbekistonning o‘sib kelayotgan yosh avlodi uchun yutuq, hamda inspeksiya uchun ulkan mas’uliyat ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Mazkur baholash tizimida yuqori ko‘rsatkichlarga erishish, oldimizga qo‘yilgan asosiy maqsadlardan biri. Har bir bolaning sog‘lom va baxtli bolaligini ta’minlash, yaxshi ta’lim olishi, har tomonlama chuqur bilim va hayotiy ko‘nikmalarga, shuningdek tajribaga ega bo‘lishlari uchun zarur bilim va ko‘nikmalar bilan jihozlangan shaklda mehnat bozoriga kirishini ta’minlash borasida barcha imkoniyatlarni ishga solishga xizmat qilishdan iboratdir”.