Texnologiya keraksiz fanmi?
2013-yili Yaponiya grantini yutib olgach, maktabimiz texnologiya fani uchun barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Shu bois, darsni maroqli va mazmunli olib boramiz. O‘quvchilarimizning bu fanga qiziqishi baland. Ammo yurtimizdagi hamma maktablarda ham sharoit va imkoniyatlar bir xil emas. TerDU huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tinglovchilari har oyda ikki marta ko‘chma mashg‘ulot o‘tkazadi. Tinglovchilar ba’zan shunday ko‘p muammolarni o‘rtaga tashlaydiki, fanimiz oldida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ko‘p ekanligini anglayman. O‘qituvchilar shu muammo va kamchiliklar bartaraf etilishini xohlaydi.
Misol uchun, 5-, 6-, 7-sinflar dars jadvalida texnologiya fani qoida bo‘yicha juftlik tarzida joylashtirilishi kerak. Shunda o‘quvchi boshlagan ishini oxiriga yetkaza oladi. Ammo ayrim maktablarda bunga amal qilinmaydi. Bir soati dushanbaga, ikkinchi soati jumaga qo‘yilyapti. Masalan, birinchi chorakda 18 soat pazandachilik mavzusiga ajratilgan. Qanday qilib mavzudagi taomni 45 daqiqada tayyorlash mumkin? Tayyor bo‘lgan taomni o‘quvchi iste’mol qilishi kerak. Ko‘plab texnologiya o‘qituvchilari bu masalani dars jadvali tuzish vaqtida direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga tushuntirolmasliklarini aytishdi.
Fanni o‘tish uchun xomashyo yetarli emas. Xalq ta’limi vazirligi xomashyoni qayerdan, qaysi mablag‘ga sotib olish haqida aniq ko‘rsatma bersa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O‘qituvchiga hadeb o‘z hisobidan sotib olish og‘irlik qiladi. O‘quvchilardan olish esa mumkin emas.
Texnologiya fanida bir mavzuga 2 soat ajratilgan bo‘lsa-da, bitta dars ishlanma yoziladi. Chunki darsning maqsadi bitta. Lekin ayrim direktor o‘rinbosarlari qoidalardan bexabarligi tufayli ustozlardan 2 ta dars ishlanma yozishni talab qiladi.
5-, 6-, 7-sinf texnologiya fani darsliklari 2014-yildan chiqa boshladi. afsuski, undagi xatoliklar quvonchimizni uzoqqa yetkazmadi. 8-, 9-sinflar uchun esa hamon darslik yo‘q. 8-, 9-sinf o‘quvchilari soni respublika bo‘yicha hisoblab chiqilsa, katta raqam hosil bo‘ladi. Mana shu katta auditoriya uchun haftasiga 1 soat texnologiya darsi ajratilgan. Shuncha yillar davomida minglab o‘quvchilarga yuzlab o‘qituvchilar darsliksiz, manbasiz dars o‘tib kelmoqda. Nahotki, yillar davomida bu haqida hech kim bosh qotirmasa? Shahar joylarda ishlayotgan ustozlar internet manbalari orqali mavzuga doir qo‘llanmalarni topa olar, lekin chekka hududda faoliyat yuritayotganlar nima qilsin?! O‘quv dasturini tuzgan mutasaddilarning darslik yo‘qligidan xabari bormikan?!
Bu masalada 2017-yil 5-yanvar kuni Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan edim. Ikki kun o‘tgach, murojaatimga ijobiy javob oldim. Darsliklar masalasida harakat boshlangani ma’lum qilindi. Menga nashriyot va boshqa tegishli tashkilotlardan qo‘ng‘iroq bo‘lib, maktablar o‘rganib chiqilganligi, haqiqatan ham, nomi keltirilgan kitoblar nashr etilmaganligi haqida aytib, jonkuyarligim uchun minnatdorlik bildirishdi. Asosiy manba — darsliksiz dars o‘tishimizni tasavvur qilib, ushbu fan o‘qituvchilariga qanchalik qiyin ekanligiga amin bo‘lishdi.
Talay kamchiliklardan xalos bo‘lmay turib, kompetensiyaga erishib bo‘lmaydi. Biz, texnologiya fani o‘qituvchilari to‘liq sharoit va darsliklar bilan ta’minlanish orzusiga yetish uchun yana qancha kutaylik?
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi