"Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi" tanlovi nizomiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi
Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2019” respublika tanloviga start berildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yildan tanlovning shaffofligini ta’minlash hamda keng ommani jarayonga jalb etish maqsadida tanlov nizomiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma‘lum qildi.
Jumladan:
1.Bu yilgi tanlovda oliy ma’lumotli, kamida 3 (uch) yillik pedagogik stajiga hamda ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashadi.
2.Ishtirokchilar joriy yilning 18 martidan 5 apreliga qadar Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida tashkil etilgan sahifada onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.
3.Hujjatlar soni 10 tadan 5 taga qisqartirildi va barchasi elektron shaklga o‘tkazildi.
4.Tanlov shartlari 5 tadan 3 taga qisqartirildi.
5.Tanlovni adolatli o‘tkazish uchun hakamlar hay’ati tarkibiga barcha hududlardan teng miqdorda olinadi.
6.Ishtirokchilar ta’lim sifatini oshirishda mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida loyiha taqdimotlari tayyorlaydi.
7.Tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilari o‘zlarining “Loyiha taqdimotlari”ni ijtimoiy tarmoqlar (Facebook) orqali e’lon qiladi va jamoatchilik tomonidan baholanadi.
8.Har bir test savoli uchun aniq fanlardan 3 (uch) daqiqa, ijtimoiy va filologiya fanlaridan2 (ikki) daqiqadan vaqt beriladi. Test materiallariga PISA, TIMSS xalqaro baholash talablari singdiriladi.
9.Ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda, tegishli fan bo‘yicha qo‘shimcha 10 tadan test savollari berish orqali g‘olib aniqlanadi. G‘olib aniqlanguniga qadar test jarayoni takroriy davom ettiriladi.
10.Tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan g‘oliblar mos ravishda eng kam ish haqining 15, 12, 8 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi o‘qituvchilar http://bit.ly/teacher-of-year ҳаволаси orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Hurmatli pedagoglar! Tanlovda ishtirok eting va eng yaxshi o‘qituvchi ekanligingizni iqtidoringiz hamda mahoratingiz orqali namoyon qiling.
Shoshiling! Tanlovda ro‘yxatdan o‘tish vaqti chegaralangan!