Pedagoglar o‘rindoshlik asosida dars o‘tishni xohlamayapti
Inson kasbining orqasidan o‘zi va oilasini moddiy ta’minlaydi. Shu bois, o‘qituvchi qanchalar fidoyi bo‘lmasin, maoshining miqdori ishga bo‘lgan ishtiyoqiga ta’sir ko‘rsatadi.
Maktab rahbari sifatida bunday holatni ko‘p kuzatganman va pedagogik jamoamizdagi muallimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qarataman. Ammo tizimda uchrayotgan ayrim kamchiliklar boshqaruv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, 2019-yildan o‘rindoshlar uchun to‘lovning soatbay turi joriy qilingani sabab, shu tartibda o‘qituvchilarni ishga jalb qilishda muammoga duch kelyapmiz. 2019-yilgacha o‘rindosh sifatida dars o‘tgan o‘qituvchilarning dars soatiga 70 foiz miqdorida haq to‘lanar edi. Endi esa ularga 70 foizning yarmi beriladi. Buning natijasida o‘qituvchilar o‘rindoshlik asosida dars o‘tishni xohlamay qoldi. Hozir o‘rindosh o‘qituvchiga bir soat dars o‘tgani uchun 10 000 so‘m haq to‘lanyapti.
Aksariyat maktablarda o‘qituvchilarning 80 foizi ayollar. Ularning o‘ziga yarasha ro‘zg‘or tashvishlari bor. Misol uchun, farzandining betobligi, tug‘ruq ta’tiliga ketishi kabi vaziyatlar ko‘p sodir bo‘ladi. Malaka oshirishga ketgan yoki betob o‘qituvchining dars soatlarini ham boshqa o‘qituvchilar o‘rindoshlik asosida o‘tishi lozim. Avvallari shunday vaziyatda yaxshi haq to‘langani bois o‘qituvchilar hamkasbining o‘rniga dars o‘tishga bajonidil rozi bo‘lardi. Endi esa bunday ko‘ngillilarni topish mushkul.
Ikki oydirki, bu masala biz, maktab rahbarlariga muammo tug‘dira boshladi. O‘tilmay qolayotgan darslar ko‘payib, o‘quvchilar bilimida bo‘shliq paydo bo‘lmoqda. Dars o‘tishga o‘qituvchi bo‘lmasa, o‘quvchilarni tinch ushlab o‘tirish ham mushkul. Buning natijasida ota-onalar va maktab o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqyapti.
Shuningdek, maktab rahbarlarini qiynayotgan yana bir muammo — necha yillardan buyon maktabga santexnik, elektrik, duradgor, bog‘bon shtatlari berilmayapti. Har bir sinf — katta bir ro‘zg‘or. U doimiy ta’minot va parvarish talab etadi. Sinfxonalardagi isitish quvurlarining yorilishi, yoritish uskunalaridagi nosozlik, tomdan chakka o‘tishi, parta va shkaflarning ishdan chiqishi kabi holatlar kunora yuz beradi. Bunday holatda maktab ma’muriyati santexnik, elektrik, duradgor izlab qoladi. Ularni yollab ishlatish uchun mablag‘ kerak. Shuning uchun bu ishlarni aksariyat o‘qituvchilar bajaryapti.
Ilm maskanlaridagi har bir kichik muammo ham bevosita ta’lim sifatiga ta’sir qiladi. Muammolarning vaqtida oldi olinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
A.SATTOROV, Bekobod tumanidagi 10-maktab direktori