Fan olimpiadasining hududiy bosqichi oshkora va shaffof o‘tdi
Joriy yilning 23—27-mart kunlari respublikamizning barcha hududida 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadasining III(hududiy) bosqichi o‘tkazildi.
— O‘n bir yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan bu yil 11-sinf o‘quvchilari ilk bor fan olimpiadasida qatnashmoqda, — deydi Xalq ta’limi vazirligining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘basi mudiri Anvar Umarov. — Joriy yilgi fan olimpiadalarining uchinchi bosqichida jami 20298 nafar o‘quvchi (shundan 7491 nafari 9-sinf, 6683 nafari 10-sinf, 6124 nafari 11-sinf) ishtirok etdi. Ota-onalar uchun videokuzatuv moslamalari orqali jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratildi. Olimpiada topshiriqlari maxfiyligi ta’minlanib, mas’ullar orqali elektron variantda, maxsus kod bilan himoyalangan holda olimpiada boshlanishidan bir soat avval joylarga yetkazildi va hakamlar hay’ati tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng ishtirokchilarga tarqatildi.
Respublika bo‘yicha 11-sinf o‘quvchilari erishgan natijalar ma’lum bo‘ldi. Quvonarlisi, ba’zi fanlardan o‘quvchilar belgilangan topshiriqlarni 100 foizlik natija bilan bajargan.
Jizzax shahridagi 6-maktabda topshiriqlarni bajarib chiqayotgan, kayfiyati baland o‘quvchilardan birini suhbatga chorladik.
— Kimyo fanidan barcha topshiriqlar bo‘yicha 99 ball to‘plab, 1-o‘rinni egalladim, — deydi Jizzax shahridagi 29-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Nodir Ahmadov. — Bellashuv oshkora va shaffof o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, turli fanlardan Nodir singari 40 nafar 11-sinf o‘quvchisi olimpiadaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
— Farg‘ona shahridagi 2-IDUMda o‘tkazilgan fan olimpiadasining ochilish marosimida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov barcha ishtirokchilarga omad tiladi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodisti Shahboz Mirzayev. — Olimpiadada qatnashishi lozim bo‘lgan 628 nafar 11-sinf o‘quvchisidan 5 nafari kasalligi tufayli tanlovda ishtirok etmadi. RTM tomonidan ko‘p variantlilik asosida taqdim qilingan materiallar maktabga o‘z vaqtida yetkazildi. O‘quvchilarning ishi hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholangach, yana auditoriyalarda o‘z egalariga tarqatildi. O‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida maktab oshxonasida tushlik qilish uchun 200 o‘rin yaratildi. Tanlov o‘tkaziladigan maktabga uzoq bo‘lgan 9 ta tuman(shahar)dan ishtirok etgan 290 nafar o‘quvchi yotoqxona bilan ta’minlanib, ularga bepul nonushta hamda kechki ovqat tayyorlandi.
— Biologiya fanidan 92,5 ball bilan 3-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim, — deydi Dang‘ara tumanidagi 11-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shahriyor Sheraliyev. — Raqiblarim g‘oliblikka astoydil harakat qilib, kuchli tayyorlangani yakuniy natijalarda o‘z aksini topdi. Kelgusida ustozim Mashhura Abdullayeva va ota-onam ishonchini oqlashga harakat qilaman.
Buxoro shahridagi 2-maktabda bo‘lib o‘tgan bellashuvga har bir ishtirokchi mas’uliyat bilan kirishdi.
— Bu yilgi fan olimpiadasining avvalgilaridan farqli jihati 11-sinf o‘quvchilarining ishtiroki evaziga qamrovning sezilarli darajada oshgani bo‘ldi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo‘limi rahbari Aziza Rustamova. — Bellashuvda qatnashayotgan har bir o‘quvchining tayyorgarligi puxta ekanini kuzatdik. Tahlillarimizga ko‘ra, hozirga qadar barcha fanlardan 76 baldan yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Sinov o‘tayotgan har bir xonada kuzatuv kameralarining o‘rnatilgani olimpiadaning shaffof va xolis o‘tishini ta’minladi.
352 nafar 11-sinf o‘quvchisidan 15 ta fan yo‘nalishida yuqori ko‘rsatkich qayd etgan 43 nafar yigit-qiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, maxsus maktab-internatlar o‘quvchilarining 6 nafari g‘oliblar qatoridan joy oldi.
Urganch shahridagi 2-maktabda o‘tgan olimpiadada 723 nafar 9-10-sinf o‘quvchisi bellashdi. 317 nafar 11-sinf o‘quvchisi orasidan 35 nafar g‘olib nomi aniq bo‘ldi. Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Zaripovning ta’kidlashicha, eng ko‘p sovrinli o‘rinlar uchligini Urganch shahri (7 ta), Xonqa (7 ta) va Hazorasp (5 ta) tumanlari band etdi, Bog‘ot tumanidan birorta o‘quvchi yuqori o‘rinni ololmadi. Qozoq tili, fransuz tili fanlaridan respublika bosqichida ishtirok etish uchun esa hech bir ishtirokchining bali yetmadi.
— Sirdaryo viloyati bo‘yicha jami 956 nafar o‘quvchi fan olimpiadasining 3-bosqichiga yetib keldi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodisti Roziya Rajabova. — Shundan 277 nafar 11-sinf o‘quvchisining 46 nafari 1–3-o‘rinlarni egalladi. Bu o‘rinlarning aksariyati Guliston shahri maktablari o‘quvchilariga (16 ta) nasib etdi. Boyovutdan 7, Mirzaoboddan 6, Sayhunoboddan 6, Guliston tumani va Yangiyer shahridan 3 nafardan o‘quvchi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shirin va sardobalik o‘g‘il-qizlar birorta sovrinli o‘ringa sazovor bo‘lmadi.
Muxbirimiz