Bilimlar bellashuvining tuman bosqichi o‘tkazildi
Joylarda umumta’lim maktablarining 5—8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida bilimlar bellashuvining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Toshkent shahridagi 260-maktabda Yunusobod tumanidagi 39 ta maktab hamda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika, matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatidan jami 1361 nafar o‘quvchi o‘zaro bellashdi.
— Avvalgi yillarga nisbatan bu yil tanlov adolatli va shaffof o‘tdi, — dedi ingliz tili fanidan hakamlik qilayotgan o‘qituvchi Madina Abdullayeva. — Test savollarining sodda tuzilgani, topshiriqlar maktab darsliklaridagi ma’lumotlar asosida tayyorlangani uchun ingliz tili fani bo‘yicha 7-sinf o‘quvchilarining ishlarini baholashda muammolar deyarli bo‘lmadi. Ota-onalar sinfxonalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali jarayonni onlayn kuzatib bordi.
Tuman XTBning ta’lim sifati monitoringi bo‘limi bosh inspektor-metodisti Orifa Karimovaning ta’kidlashicha, nizomga muvofiq, barcha bosqichlarda 1-o‘rin faqat bir nafar o‘quvchiga beriladi. 2-o‘ringa ikkita, 3-o‘ringa uch nafargacha da’vogar o‘quvchilarning umumiy ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda ularning o‘rni teng deb belgilanadi. Agar ikkinchi o‘ringa da’vogarlar soni 2 nafardan, 3-o‘ringa da’vogarlar soni 3 nafardan ortiq bo‘lsa, ular o‘rtasida qo‘shimcha yozma yoki test sinovlari o‘tkazilib, g‘olib aniqlanadi.
Sinovning 1- va 2-bosqichlarini o‘tkazishga Chust tuman xalq ta’limi bo‘limi ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Bellashuvning tuman bosqichini o‘tkazish uchun tumandagi eng namunali jihozlangan va o‘quvchilar kelib-ketishi uchun qulay 1- va 3-maktablar tanlandi.
Tuman xalq ta’limi bo‘limining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi inspektori Abdurashid Darvishxo‘jayevning ta’kidlashicha, ta’lim muassasalarida o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, salomatligini muhofaza qilish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda barcha shart-sharoit yaratildi. Har bir auditoriyaga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, nazoratchilar biriktirildi. Savol-javoblar parollangan disklarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan olib kelinib, auditoriyalarda xolislar — ota-onalar, jamoatchilik vakillari ishtirokida ochildi.
Tashkilotchilarning e’tiroficha, bu yilgi bellashuvda ishtirokchilar tomonidan birorta e’tiroz yoki shikoyat bildirilmadi.
Sinov yakunlariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 16 nafar g‘olib viloyat bosqichida qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Nurafshon shahar xalq ta’limi bo‘limi sho‘ba mudiri Fotima To‘xtanazarovaning xabar berishicha, shahardagi 57-maktabda bilimlar bellashuvi uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. 16 fan bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatini sinagan o‘g‘il-qizlarning imtihon jarayonidagi xotirjamligi, xavfsizligi va salomatligi uchun ko‘zda tutilgan shart-sharoitlar yaratildi.
— 57-maktabning 8-sinfida ta’lim olaman, — deydi bellashuv ishtirokchisi Husnora Allayorova. — Tanlovda ona tili fanidan qatnashib, diktant yozdim va 25 ta test yechdim. Savol va topshiriqlar mashg‘ulotlarda o‘zim o‘qigan va o‘rgangan mavzular haqida bo‘lgani uchun hech bir murakkablik sezmadim.
Muxbirimiz