Ogahiy ijod maktabiga har yili 30 nafardan o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi
Joriy yilning 20-martida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarorga binoan 2019-yilning dekabr oyida Ogahiy tavalludining 210 yilligi mamlakat miqyosida keng nishonlanishi va Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining tashkil etilishi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, Xiva shahrida Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining tashkil etilishi iste’dodli yoshlarga keng imkoniyatlar yaratadi. Mazkur ijod maktabi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga kiritilib, 2019-2020 o‘quv yilida maktabning 5-, 6-, 7- va 8-sinflariga hamda 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab 5-sinfga 30 nafardan o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi, deb xabar bermoqda vazirliq axborot xizmati
Xalq ta’limi vaziri ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirish kiritishi mumkin.
Ijod maktabiga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va adabiyot, xorijiy tillar bo‘yicha test hamda ijodiy tanlov o‘tkaziladi. Shuningdek, mazkur ta’lim maskaniga oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagoglar jalb etiladi.2019-2020-o‘quv yilidan boshlab maktab darslik, o‘quv-metodik qo‘llanma va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.