Bola 4 yoshdan maktabga chiqsa...
Internet, ijtimoiy tarmoq, OAVni muntazam kuzatib boraman. So‘nggi paytlarda ta’lim tizimidagi muammolar va ularning yechimi borasida turli bahs-munozaralar bo‘lyapti. Tizimni isloh qilish bo‘yicha har kim turlicha fikr bildirmoqda. Sohani rivojlantirish borasida ko‘pchilik qatori menda ham muayyan fikr-mulohazalar paydo bo‘ldi.
O‘ylashimcha, dunyoqarashi keng avlodni tarbiyalash uchun majburiy ta’limni 4 yoshdan boshlash zarur. Taklifimni o‘qiboq xayolingizga to‘rt yoshli kichkintoylarning zil-zambilday og‘ir sumkani sudrab, haftasiga 5 kun maktabga borishi, 6-7 soatlab partada o‘tirishi kelishi tabiiy. Aslida, bunday bo‘lmaydi. Agar majburiy ta’lim to‘rt yoshdan etib belgilansa, ayni paytdagi ta’lim tizimida amalda bo‘lgan yondashuvlar ham tubdan o‘zgarishi kerak.
Islohotni amalga oshirish uchun katta mablag‘ kerak, albatta. Kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlod uchun barcha birdek jon kuydirmog‘i shart. Tadbirkorlar, homiy tashkilotlar, qo‘yingki, ta’lim taraqqiyoti uchun kim qancha yordam bersa — yig‘ilgan mablag‘ning bari o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun sarflanadi. Katta-katta tashkilot va kompaniyalar oddiy reklama, bir marta arang ko‘rishga arziydigan kinolar uchun millionlab pul sarflaydi. Yoki bo‘lmasa, kinoyulduzlar uchun bir-ikki kunlik “mehmondorchilik”ka ming-minglab dollar mablag‘ini ayamaydiganlar xalq ta’limi uchun ham yordam bersa kerak...
Endi bolalarni 4 yoshdan qabul qiladigan maktab – “Pre-school” qanday tashkil etilishi haqida to‘xtalsam. 4 yoshli bolalarning har kuni maktabga chiqishiga hojat yo‘q. Dastlab ular maktabga haftasiga 3-4 kun, bir necha soatga boradi. Bog‘chaga bormaydigan bolalar maktabga uydan qatnasa, maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchi kichkintoylar uchun bog‘chaning o‘zida o‘qishga sharoit yaratiladi. Mashg‘ulotlar bolalar yoshidan kelib chiqqan holda tayyorlanadi. O‘qituvchilar bolalarga dastlab odob-axloq qoidalarini o‘rgatadi, keyin bosqichma-bosqich mavzular o‘zgarib boradi. Navbatdagi bosqichlarda o‘quvchilarning ijodkorlik va yaratuvchanlik qobiliyati rivojlantiriladi. Jamoat joyida o‘zini tutish, do‘st tanlash, muomala madaniyati, o‘z fikrini bayon qilish kabi ko‘nikmalarni bolalarga turli ertak va hikoyalar asosida o‘rgatish mumkin. Shu bilan yozish, o‘qish, matematika kabi yo‘nalishlarda maxsus darslar o‘qitiladi. Har bir bola bilan psixologlar individual shug‘ullanadi. Eng muhimi, ta’lim jarayoni ortiqcha bosim va imtihonlarsiz tashkil etilishi lozim. Dasturni to‘liq o‘zlashtirgan bolalar asosiy ta’limga o‘tkaziladi. Bu suhbat orqali va mashg‘ulotlar davomida aniqlanib, o‘qituvchining tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Bu yerda yoshning ahamiyati bo‘lmasligi kerak. Bola 6 yoshda dasturni o‘zlashtirdimi, demak, u ta’lim olishga tayyor. 7 yoki 8 yoshida o‘zlashtirsa, unda u o‘sha yoshida maktabga chiqishi kerak. Bunday tizimdan ota-onalar ham manfaatdor. Chunki bugungi kunda aksariyat ota-onalar farzand ta’lim-tarbiyasi uchun yetarlicha vaqt ajratolmaydi.
Ravshan MATMUSAYEV tc
"Ravshan MATMUSAYEV"