Yangi nemis tili darsliklari tajriba-sinovdan o‘tkaziladi
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, xalq ta’limi tizimida islohotlarni yanada jadallashtirish, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ”Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Xususan, 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab pilot loyihasi sifatida 1-11-sinflar uchun chet tillari fanlaridan ilg‘or xorijiy darsliklarni ta’lim jarayoniga joriy etish maqsadida xorijiy adabiyotlar tahlilini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Germaniyaning xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi (ZFA) bilan hamkorlikda Respublika ta’lim markazida Germaniyaning Klett nashriyoti tomonidan yaratilgan nemis tili darsliklarining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mazkur darsliklarni Toshkent shahridagi 60-sonli, Samarqanddagi 51-sonli hamda Farg‘onadagi 10-sonli nemis tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov tadbirni ochib bergach, seminar o‘z ishini boshladi. Mazkur seminarda Klett nashriyoti xodimi Jennifer Svanda, Toshkentdagi Gyote instituti va Davlat test markazining nemis tili yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda yuqorida qayd etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining nemis tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar tarqatdi.
Seminar mobaynida Klett nashriyoti tomonidan yaratilgan Fabuli – Wo ist Paola? – Die Deutschprofis – Aspect Junior darslik majmualari tahlil qilindi.
Seminar yakuniga ko‘ra, mazkur darslik majmualar nemis tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida 2018-2019-o‘quv yilining 4-choragi davomida tajriba-sinovdan o‘tkazilishi rejaga kiritildi.