O‘qituvchining mahorati nimada?
Psixolog trening ishtirokchilariga yuzlandi:
— Nima deb o‘ylaysiz, Sizning muvaffaqiyatingiz va o‘qituvchi sifatida hozirgi darajaga yetishingizga ko‘proq sababchi bo‘lgan omil ustozmi yoki yaxshi kitob?
Ko‘pchilik “Ustoz” deb javob berdi. Shundan so‘ng tajribali trener Oksford universiteti talabalarining ma’ruza so‘ngida o‘qituvchiga bergan savolini eslatdi:
— Bizga shu qadar ko‘p yaxshi kitoblar berdingizki, bu orqali faningizni bemalol o‘zlashtirib olsak bo‘ladi. Shunday ekan bizning oldimizdagi rolingiz qanday?
Professor ularga shunday javob bergan ekan:
— Hammangiz asalarini yaxshi bilasiz. U bolni guldan oladi. Siz guldan o‘sha asalni olib yeganingizda ham og‘izda taxir ta’m qoladi. Kitobni gulga qiyos etsak, o‘qituvchi — bamisoli asalari. U kitoblar ichra eng sarasini olib, shogirdlariga ilinadi.
Poytaxtimizdagi 55-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarda Sergeli tumanidagi 6-IDUMning amaliyotchi psixologi Nosir G‘afforov “Ta’lim olish mahorati nima?” mavzusidagi psixologik treningi orqali bir-biridan qiziqarli va foydali ma’lumotlar berdi.
“Zamonaviy ta’lim texnologiyalari — ta’lim sifatini bosqichma-bosqich oshirish asosi” mavzusida o‘tkazilgan seminarda tajribali pedagoglar Sh.G‘ulomova, T.Ahmedovaning o‘qish fanidan “So‘zlovchi yomg‘ir”, M.Xolboyeva, T.Ahmedovaning tarbiyaviy soatdan “Do‘st bilan obod uying”, F.Afleyeva, G.Rahimovaning tabiatshunoslik fanidan “Odam organizmi va uning salomatligi” mavzusidagi ochiq darsi, S.Xalilovaning matematika fanidan “Zamonaviy Robinzonlar” mavzusidagi sinfdan tashqari mashg‘uloti hamkasblari kuzatuvida tahlil etildi. “Zamonaviy ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi mahorat darsida qo‘llanilgan ilg‘or uslublar yuzasidan pedagoglar o‘zaro fikr va tajriba almashdi.
— Seminarda o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan ishlashda psixologik bilimlarni amalda qo‘llash mahoratini oshirdi, — deydi Toshkent shahar XTBB boshlang‘ich ta’lim metodisti Dilfuza Toshmuhammedova. — Odatda, sinf rahbari to‘polonchi yoki o‘yinqaroq o‘quvchini maktab psixologi huzuriga olib borsa, u bolalar bilan ishlab to‘g‘ri yo‘lga soladi, xulqida ijobiy o‘zgarish kuzatiladi. Psixologik treningda mutaxassislar bu boradagi tajribalarini o‘rtoqlashdi.
Tadbirda jajji o‘quvchilarning badiiy-musiqiy chiqishlari, “Jasorat” vatanparvarlik to‘garagi a’zolarining madaniy dastur namoyishi barchaga manzur bo‘ldi. Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i E.Murodov, Sergeli tumani hokimi o‘rinbosari M.Xidirov maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qildi.
Dilshod RO‘ZIQULOV