Maktablar reytingi imtihonlarida o‘quvchi o‘rniga boshqa o‘quvchi kirishi aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2018-yil 29-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining «Umumta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qo‘shma qaroriga asosan Respublikamizning barcha hududlarida belgilangan umumta’lim muassasalari reytingini aniqlash doirasida nazorat ishlari va so‘rovnomalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur jarayon joriy yilning 8-aprel kuni boshlandi va 15-aprelgacha davom etadi.
Bugun mamlakatimizdagi umumta’lim muassasalarini qator xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishlari uchun tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan bir paytda, mahalliy reyting natijalarini aniqlash jarayonida ko‘zbo‘yamachilik qilayotgan maktablarimiz ham yo‘q emas. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Buxoro viloyati Buxoro shahridagi 17-sonli maktabdan imtihon jarayonida 3 nafar o‘quvchi o‘rniga boshqa o‘quvchilarning imtihonga kirgani, 35- va 38-sonli maktablarda ham imtihon olinayotgan sinfga boshqa sinf o‘quvchilarining kiritilganlik holatlari aniqlandi. Ushbu jarayonda imtihon to‘xtatilib, dalolatnoma tuzildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ushbu maktablar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan reytingda ishtirok etish uchun viloyatdagi eng na’munali maktab sifatida tanlanib, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim qilingan. Vaholanki, bildirilgan ishonchni oqlamayotgan mazkur umumta’lim muassasalari rahbarlari bugun kimni aldamoqda? 2021-yilga kelib, PISA, PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishda ular qanday yo‘l tutishar ekan?
Shu o‘rinda, reytingda ishtirok etayotgan umumta’lim muassasalari rahbarlariga imtihonning tashkiliy jarayonlarida turli “qing‘ir yo‘l”larni amalga oshirishga harakat qilmasliklarini so‘rab qolamiz.