“Ta’limda innovatsiya” respublika sammiti
Namangan viloyatida “Innovative Education Summit- 2019” Respublika sammiti bo‘lib o‘tdi.
Sammitning tantanali ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Boboxo‘jayev, dastur bo‘yicha trener, AQShlik Shannan Rouch ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar xorijiy tillarni o‘rgatish jarayonida yangi metod hamda texnologiyalarni amalda keng qo‘llash va tajriba almashishga qaratilgan sammit ta’lim sifatini oshirish, ingliz tilini o‘qitish tizimini yanada yaxshilashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Janubiy Koreya hamda Hindistonning nufuzli o‘quv muassasalari bilan teleko‘prik orqali muloqotda ikki mamlakat pedagoglari, shuningdek, 2000 nafardan ziyod ta’lim sohasi vakillari faol ishtirok etdi. Qolaversa, sammit ishini bir vaqtning o‘zida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Uchqo‘rg‘on, Pop, Chortoq tumanlari hamda viloyat pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi pedagoglari hamda soha vakillari onlayn kuzatib bordi.
O‘quvchilarning ingliz, nemis, fransuz, arab, xitoy, koreys hamda yapon tillaridagi chiqishi ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
Sammit doirasida o‘qituvchilar guruhlarga bo‘linib, amaliy mashg‘ulot, mahorat darsi va treninglarda ingliz tilini o‘qitishda ilg‘or usul va texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan loyihalar ustida ish olib bordi. Amaliy mashg‘ulotlar ilg‘or ta’limiy jarayonlar, tajriba va fikr almashuvi, bahs-munozaralarga boyligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida sammit qatnashchilari viloyatning diqqatga sazovor joylari, jumladan, Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda qadimiy Axsikent yodgorlik majmuasida bo‘ldilar.
Ikkinchi kuni guruhlar tomonidan yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Yutuq, yangilik, yangi tashabbuslar o‘rtaga tashlandi. Tizimda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga hamohang ilg‘or ta’limiy jarayonlar hamda jahon tajribasi bilan uyg‘un ravishda ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti dolzarb jihatlarni qamrab olganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Sammit yakunida ishtirokchilarga sertifikat topshirildi.
G‘anisher AKBAROМ
"Ma'rifat" muxbiri