Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Bo‘ka tumanidagi 2-umumta’lim maktabiga bordi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov davlatimiz rahbarining yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularni bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga qaratilgan 5 yo‘nalishdagi tashabbusini amalga oshirish, yosh avlodning musiqa, adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, kitobxonlik hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 2-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi, deb xabar berdi www.uza.uz.
Maktabning musiqa va kutubxonasiga zamonaviy pianino va yoshlar mutolaasi uchun turli janrdagi adabiyotlar, Prezident sovg‘alari taqdim etildi. Tashrif chog‘ida maktabning faollar zali, sport zali, informatika xonalari ko‘zdan kechirildi va darslardagi holat o‘rganildi.
Maktab kutubxona fondining yetarli kitoblar bilan ta’minlanganligi, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Maktabning 10-sinf o‘quvchisi Xudoyorxon Habibullaev o‘zi yozgan she’rni ta’sirli va ifodali o‘qib berdi, “Otamning orzusi” nomli she’riy to‘plamini mehmonlarga sovg‘a qildi.
Shuningdek, maktabning 10-sinf o‘quvchisi Mavlon Bahromov Prezidentimizning 5 yo‘nalishdagi tashabbusini ingliz tilida so‘zlab berdi. Maktab musiqa xonasiga tashrif chog‘ida o‘quvchilar xorligida milliy qo‘shiqlar jonli ijro etilib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Sherzod Shermatov o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ldi. O‘qituvchilar tomonidan maktab uchun zamonaviy stadion va qo‘shimcha bino qurib berish taklifi kiritildi.
Tashrif so‘nggida vazir mana shunday ijodkor va kitobxon yoshlar safini kengaytirish lozimligini ta’kidladi.