Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi
Yurtimizda yoshlarning bilim darajasini oshirish, maktab o‘quvchilariga sifatli ta’lim berib, ularning iqtidor va qobiliyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2018-yilda Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Olmazor tumanidagi faoliyati tugatilayotgan Toshkent bank kolleji o‘rnida Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi.
2018-yil 6-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi institutida o‘tkazilgan majlisda matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarining yaxshi o‘qitilmasligi tanqid qilingan edi. Aytish kerakki, o‘quvchilarning nafaqat fizika-matematika, balki biologiya va kimyo fani bo‘yicha bilimi haminqadar. Ta’lim tizimida vujudga kelgan bunday muammolarning kelib chiqishiga — darsliklar va yuksak malakali o‘qituvchilarning yetishmasligi, laboratoriyalar bo‘lsa-da, amaliyot mashg‘ulotlari uchun to‘liq foydalanmaslik kabilarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etishdan maqsad tibbiyot ilmining asoschisi, ulug‘ mutafakkir Abu Ali ibn Sino merosini qadrlash, kelajak avlod ongiga singdirish, ushbu fanlarga ishtiyoqmand yoshlarning fundamental fan asoslarini chuqur egallashlari uchun zarur shart-sharoit yaratish, o‘quvchilarning ilm-fanga qiziqishini kuchaytirish, mustaqil ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro fan olimpiadalarida faol ishtirokini ta’minlash va yuqori natijalarga erishishi uchun zamin yaratishdir.
Innovatsion rivojlanish hamda Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligida belgilangan kvota asosida mazkur maktab-internatga 2019-2020-o‘quv yilida jami 320 nafar 7–10-sinf o‘quvchisi qabul qilinadi. Keyingi o‘quv yillaridan esa faqat 7-sinfdan qabul qilish belgilangan.
Maktab-internatga qabul jarayonining shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash hamda hujjatlarni qabul qilish va rasmiylashtirish vakolatli komissiya zimmasiga yuklatilgan.
Ta’lim muassasamizda o‘qish istagidagi o‘quvchi yoki ishlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida nomzodlarning hujjatlari maktab-internatning rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinadi. Hujjatlar 2019-yil 1-iyundan 10-iyulgacha qabul qilinadi.
Maktab-internatga qabul suhbat va tanlov natijalariga ko‘ra tashkil etiladi. Test sinovlarida ishtirok etgan va tegishli fanlardan 75 foizdan ortiq natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ballar reytingi bo‘yicha ketma-ketlikda qabul qilinadi.
O‘quv muassasasida o‘quv-tarbiya jarayonini xalqaro andozalar asosida tashkil etish maqsadida respublikaning barcha hududidan 40 nafardan ortiq yuksak malakali pedagog xodimni ishga olishni rejalashtirganmiz. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va xorijiy davlat ta’lim muassasalaridan ham soha mutaxassislari jalb etilgan.
Muassasada kimyo-biologiya fanlari chuqur o‘rgatiladi. Shuningdek, bu yerda rus va ingliz tillari ham puxta o‘qitiladi. O‘quv yili davomida yutuqqa erishgan, iqtidorli va tashabbuskor o‘quvchilar alohida rag‘batlantiriladi. Maktabda o‘quv jarayoni hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari uzviyligini ta’minlash maqsadida yurtimizdagi turli biologik xilma-xilliklar jamlangan hududlarda, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, Fanlar akademiyasining Botanika va Zoologiya institutlari va boshqa laboratoriyalarda amaliyot darslari o‘tkaziladi. Shuningdek, o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida Botanika, Zoologiya, Mikrobiologiya, Toshkent kimyo-texnologiya, Toshkent pediatriya tibbiyot institutlari va Farmatsevtika instituti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Maktab-internatda zamon talablari asosida barpo etiladigan oshxona, “Innovatsion laboratoriya”, “Aqlli yoshlar” auditoriyasi va trenajor zali ham o‘quvchilarning sevimli maskaniga aylanishi shubhasiz.
O‘qituvchilarga ham yurtimiz va xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi, mustaqil ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoit yaratiladi. Innovatsion rivojlanish vazirligining Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan yuqori kasb mahoratiga ega o‘qituvchilar alohida rag‘batlantiriladi.
Jamoliddin KAMOLOV, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori