Maktablarda sharoit yaxshilanyaptimi?
Milliy matbuot markazida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida maktablarning bino-inshootlari, infrastrukturasi va moddiy-texnika ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev, vazirlikning qurilish boshqarmasi mutaxassislari jurnalistlarga yurtimizda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
— Ushbu dasturlar asosida 493 maktab atrofi to‘liq o‘ralib, 173 maktab ichimlik suvi bilan ta’minlandi, — deydi vazir o‘rinbosari I.Jo‘rayev. — Oshxonasi ta’mirtalab yoki mavjud bo‘lmagan 175 ta’lim muassasasida yangi oshxona qurildi va ta’mirlandi. 181 maktabning ichki kanalizatsiya tizimi ta’mirlandi. 2864 maktabda esa isitish tizimi yaxshilandi. 2017-yilga qadar vazirlik tizimidagi umumta’lim maktablari binolarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash faqat Investitsiya dasturi asosida amalga oshirilgan. 2018-yilda esa Investitsiya dasturi hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida jami 918 (2017-yili 484) umumta’lim maktabida 1,47 trln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mahalliy budjetning qo‘shimcha daromadlari hisobidan eng ko‘p mablag‘ Qoraqalpog‘iston, o‘quvchi soniga nisbatan hisoblanganda eng ko‘p mablag‘ Navoiy, umumiy qo‘shimcha daromadlardan eng katta foizi esa Namangan viloyati maktablariga ajratilgan. 2019-yili har ikki davlat dasturi asosida dastlabki manzilli ro‘yxatga ko‘ra, 590 umumta’lim maktabida (shundan 510 tasi “Obod qishloq” va 80 tasi “Obod mahalla” dasturi doirasida) 726,7 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Ushbu dasturlar doirasida obod bo‘ladigan qishloq va mahallalar soni ortishi hisobiga mazkur hududlarda joylashgan yangi qurilgan hamda ta’mirlangan umumta’lim muassasalari soni yil yakuniga qadar yana oshishi kutilmoqda. Har ikki dastur doirasida umumta’lim maskanlarining hududi, ularga eltuvchi yo‘llar (yo‘laklar) yaxshilanishi, obodonlashtirilishi, atrofi o‘ralishi, ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, issiqlik tarmog‘i, yoritish, oqova suv tizimlarining ta’mirlanishi kabi ishlar ham amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim jihati, tegishli dasturlar doirasida vazirlik tomonidan umumta’lim maktablarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini onlayn monitoring qilish, ish sifati hamda jarayonning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimi orqali doimiy ravishda nazorat olib boriladi.
Matbuot anjumanida barcha ma’lumotlar tinglangach, OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlandi.
Jurnalist:
— Investitsiya dasturiga ba’zan avariya holatidagi umumta’lim muassasasi qolib, yaqin yillarda mukammal ta’mirdan chiqqan yoki qayta qurilgan maktablarning kiritilganini qanday izohlaysiz? Yoxud bu direktorning uddaburonligiga bog‘liqmi?
Vazirlikning qurilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Sherzod Rasulov:
— Umumta’lim maktablarining investitsiya dasturiga navbatga kiritilishi masalasi nafaqat Xalq ta’limi, balki yana qator vazirlik va idoralar — Moliya, avvallari Iqtisodiyot, hozirda Investitsiyalar va savdo vazirliklari, qurilish bo‘yicha hududiy tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqiladi va maqsadli monitoring olib boriladi. Siz aytgan holatga kelsak, misol uchun, mukammal ta’mirdan chiqarilgan maktabda keyingi o‘quv yillari navbatlilik koeffitsiyentining bir necha barobar oshib ketishi natijasida qo‘shimcha bino qurilishi uchun yana dasturga kiritilishini shunday sabablardan biri sifatida keltirish mumkin. Lekin har doim avariya holatidagi maktablar birinchi darajada kiritilgan.
Jurnalist:
— Yuqorida maktablarning ichimlik suvi bilan ta’minlanishi xususida so‘z bordi. Maktabga suv quvurlar tortish orqali keltiriladimi yoki artezian quduq orqali chiqariladimi?
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev:
— Umumta’lim maktablari ichimlik suvi bilan asosan quvur, yer osti artezian qudug‘i (unda ham mutaxassislar, masalan, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan ichimlik suvi sifatida yaroqliligi to‘g‘risida xulosa bergandan keyingina), suvni tozalovchi maxsus filtrlar o‘rnatish, shuningdek, buning iloji bo‘lmagan maktablarga toza ichimlik suvini tashib keltirish orqali ta’minlanadi. Yana shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, umumta’lim muassasalarini boshqa kommunal xizmatlar bilan bir qatorda, ichimlik suvi bilan ta’minlash, avvalo, mahalliy hokimliklarning vazifasiga kiradi (PQ-5538-sonli qarorning 3-bandi). Xususan, o‘tgan yil davomida Xorazm viloyatidagi 33 ta maktabga suv tozalash qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu filtr orqali chiqayotgan ichimlik suvidan maktablar bilan bir qatorda aholi ham foydalanmoqda.
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri