956 ta maktabda reytingga oid nazorat ishlari o’tkazildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda joriy yil 8-19-aprel kunlari Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 956 ta umumta’lim maktabida nazorat ishlari va ijtimoiy so’rovnomalar o’tkazdi.
Nazorat ishlari va ijtimoiy so’rovnomalarni to’liq shaffof va sifatli o’tishini ta’minlash uchun jami 57 ta ishchi guruh tuzilib, uning tarkibida 200 nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat olib bordi. Jarayonda Davlat inspeksiyasi xodimlari, inspeksiyaning hududlardagi bo’limlari, OTMlarning ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limlari, Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tuman va shaharlardagi xalq ta’limi bo’limlari va OTMlar qoshidagi akademik litseylarning ona tili o’qituvchilari qatnashdi, deb xabar berdi inspeksiya rasmiy sayti.
Umumta’lim muassasalarida ishchi guruhlar tomonidan 1 tadan 9-sinf qur’a tashlash orqali tanlab olindi va o’quvchilar ona tilidan diktant va matematikadan yozma ish topshirdi. O’quvchilar yozgan diktantlar mutaxassis-ekspertlar tomonidan shu kunning o’zida tekshirilib baholandi va natijasi haqida dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Matematika bo’yicha yozma ishlarning javoblari kodlangan maxsus javoblar varaqlariga tegishli doirachalarni bo’yash orqali belgilandi va tekshirib baholash uchun Davlat inspeksiyasiga olib kelindi. Shuningdek, pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini o’rganish hamda umumta’lim muassasasida pedagog xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va o’qitish muhiti holati haqida o’quvchilar va o’qituvchilar orasida ijtimoiy so’rovnomalar o’tkazildi.
Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etishda ta’lim muassasalariga ko’maklashish maqsadida, maktablarda 15-16 yosh o’quvchilar bilan (PISA) xalqaro baholash dasturi darajasiga yaqinlashtirilgan savollar doirasida mashqlar bajarildi.
Ona tilidan diktant natijalari maktab o’quvchilarining savodxonlik darajasini, ularning husnixatini va o’z ona tilida matnni xatosiz yozish ko’nikmasi qanday shakllanganligini aniqlab bersa, matematikadan o’tkazilgan yozma ish natijalari bugungi kunda maktablarda o’quvchi yoshlarning qanday bilim olayotganligini, ularning aniq fanlarni qay darajada o’zlashtirayotganligini belgilab beradi.
Natijalar tuman, shahar va hudud bo’yicha maktablarning o’rnini, hudud bo’yicha tuman yoki shaharlarning o’rnini, Respublika bo’yicha tuman yoki shaharlarning hamda hududlarning o’rnini qayd etadi.
Hozirgi vaqtda Davlat inspeksiyasida nazorat ishlari va so’rovnomalarning javoblar varaqlari kompyuter tahlilidan o’tkazilmoqda.
Sherali NAMOZOV