O‘qituvchi(lar) g‘alabasi
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Shayxontohur tumanidagi 141-maktab o‘qituvchisi B.Mirzayeva o‘quvchisiga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlar sodir etganligi aks etgan videolavha yurtdoshlarimiz orasida muhokamaga sabab bo‘ldi.
Ko‘pchilik insonlar o‘quvchining xatti-harakatini qoraladi. Bu voqea ham o‘qituvchini ishdan bo‘shatish bilan yakunlanishi kutilgandi. Buni B.Mirzayeva ham taxmin qilgan chog‘i, videolavha tarqalgach, ishdan bo‘shash haqida ariza yozib ulgurdi. Yakunda esa...
Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, masala o‘qituvchi foydasiga hal bo‘ldi.
Joriy yilning 18-aprel kuni 141-umumta’lim maktabida jamoatchilik ishtirokida Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani idoralararo komissiyasi sayyor majlisi o‘tkazildi va mazkur ish ko‘rib chiqildi.
Komissiya qaroriga ko‘ra, B.I. va R.M.ning ota-onalari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga asosan jarimaga tortildi.
Mazkur moddaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘qituvchi B.M. mazkur vaziyatdan so‘ng ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Ammo sinfning boshqa o‘quvchilari o‘qituvchi haqida ijobiy fikr bildirganlar va B.M.ning arizasi inobatga olinmagan. O‘qituvchi ushbu maktabda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqda huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev quyidagicha fikr qoldirgan:
“Ilgari faqat tanganing bir tomoni ko‘rilardi, ya’ni nizoli vaziyatda o‘qituvchilar mutlaq aybdor, lekin «bolalarda ayb yo‘q» edi. Bu safar kutilmaganda tanganing ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratilibdi. Ya’ni nizoli vaziyatda o‘quvchi va ularning ota-onalari javobgarlikka tortildi.
Videoni ko‘rib, o‘quvchining onasiga ming rahmatlar aytgim keldi. Poyiga ta’zim qilib, “shunaqa pozitsiyada bo‘lganingiz, shu fikrlarni jamoat oldida xijolat bo‘lmasdan, uyalmasdan ayta olganingiz uchun umringizdan baraka toping, farzandlaringizning rohatini ko‘ring”, degim keldi”.
Ularning siymosida xuddi o‘zimning ayajonimni ko‘rdim. Haliyam videodagi opamiz farzandiga ancha muloyim gapirar ekanlar. Vay-vay, agar shunaqa holatda men aybdor bo‘lib qolsam bormi, tasavvur qilishga ham qo‘rqaman.
Chunki ayam deyarli hamma vaqt ustozlarim tomonda bo‘lganr, hatto haq bo‘lsam ham, mening yonimni olganlarini eslay olmayman...”
“Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida ham mavzu qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Dildora Rahimova ismli foydalanuvchi o‘qituvchi qadri oldingidek yuqori darajada bo‘ladigan davr yaqinlashayotgani hamda vazirlik ota-ona va o‘qituvchiga munosib, adolatli munosabatda bo‘lgani tahsinga loyiqligini ta’kidlagan. Dilmurod To‘raqulovning fikricha, bu g‘alaba — blogerlar, postlarga fikr qoldirganlar, umuman, o‘qituvchilar g‘alabasi ekanini aytib, masalaga adolatli yondashgani uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirgan.
Bir so‘z bilan aytganda, voqeaning shu tarzda yakunlanishi o‘qituvchi himoyasiz emasligini, uning obro‘si, nufuzi yuksalayotganini isbotladi.
Xayrullo ABDURAHMONOV tayyorladi.