Bulung‘urdagi o‘qituvchisi yo‘q maktabga kompyuter kerakmi?
2019-yil 19-martda Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu tashabbuslarning ijrosi bo‘yicha Bulung‘ur tumanidagi umumta’lim maktablarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Shuningdek, maktablardagi ta’lim sifatiga oid boshqa masalalar ham e’tiborimizni tortdi.
— Bulung‘ur tumanida 66 ta maktab bor, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Suyarqul Berdiqulov. — 35 ming 54 nafar o‘quvchiga 3055 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. 58 ta maktab kompyuter bilan ta’minlangan. Qolgan 8 ta maktabga kompyuter berilishini so‘rab, tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Navbati bilan bu maktablarga ham kompyuter yetkazilishi aytilgan.
2008-yili qurilgan 34-maktabda 419 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil oladi. Informatika va axborot texnologiyalari xonasida 15 ta kompyuter bo‘lib, ular internetga ulangan. Muassasa rahbarining aytishicha, o‘quvchilar darsdan tashqari kompyuter to‘garaklariga ham qatnaydi.
— Ayni paytda bizni qiynayotgan eng asosiy muammo sport zali bo‘lib turibdi, — deydi maktab direktori Orifxon Abduqayumov. — Maktab binosi qurilganiga ko‘p bo‘lmagan esa-da, sport zalida qurilish ishlari yaxshi tashkil etilmagani bois, yaroqsiz holga keldi. Mashg‘ulotlar tashqarida olib borilmoqda. Bu haqda tuman xalq ta’limi bo‘limiga ikki marta murojaat qildik, ammo natija bo‘lmadi.
Maktabda xona yetishmasligi bois, kutubxona ham kichik bir xonaga joylashtirilgan. O‘quvchilar uchun u yerda kitob mutolaa qilishga sharoit yo‘q. Kitoblar kam, borlari ham o‘quvchilarni qiziqtiradigan asarlar emas. Yangi gazetalar deyarli yo‘q. Kutubxona rahbarining aytishicha, bir nechta gazeta va jurnalga obuna bo‘lingan, ammo joriy yil davomida biror marta matbuot tarqatuvchi tomonidan maktabga davriy nashr yetkazilmagan.
O‘quvchilar mahalla binosida ta’lim olmoqda
— Maktabimiz 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 410 nafar o‘quvchi o‘qiyapti, — deydi Xo‘jamazgil mahallasida joylashgan 10-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Jobil Davurov. — Xonalar yetishmasligi tufayli 11-sinf o‘quvchilari mahalla binosida tahsil olmoqda. 1 milliard 270 million so‘mlik loyiha asosida qo‘shimcha bino qurish ishlari boshlandi, biroq bu bilan baribir o‘quvchilarni sig‘dirishning imkoni bo‘lmaydi.
Maktabda 14 ta zamonaviy kompyuter bor, ammo o‘quvchilar ulardan foydalanishi uchun imkoniyat yo‘q, internet tarmog‘iga ulanmagan. Muassasa kutubxonasi esa sport zali yonida, bir paytlar yuvinish uchun mo‘ljallab qurilgan xonaga joylashtirilgan. Kitoblar pala-partish holatda: yarmi javonda, yarmi yerda. Yaqin o‘rtada u xonaga kirilmagan shekilli, bor kitoblarni ham chang bosgan. Qolaversa, yangi o‘quv yilida bu maktabga ham birorta gazeta, jurnal kelmagan. Maktab foyesi va sinfxonalarning ahvoli ham kutubxonanikidan kam emas. Tozalikka umuman rioya qilinmagan. Dars vaqtida ko‘pchilik o‘qituvchi va o‘quvchilarni tashqarida uchratdik.
O‘qituvchisiz “o‘tilayotgan” darslar
Tumanning Beshkal qishlog‘ida joylashgan 58-umumta’lim maktabidagi muhit ham achinarli. Mazkur muassasaga kunning birinchi yarmida yetib borgan bo‘lsak ham, ikki-uch nafargina o‘qituvchini uchratdik, xolos. Vaholanki, maktabda 31 nafar pedagog faoliyat yuritar ekan. Achinarlisi, bu paytda muassasa rahbarlarining ham birortasi o‘z o‘rnida emasdi. Holat bo‘yicha o‘qituvchilarning hech biri bizga tayinli javob berolmadi. Kerakli ma’lumotlarni olish uchun maktab direktori bilan telefon orqali bog‘landik.
“Men ish yuzasidan boshqa joydaman. “Zavuch” ta’ziyaga ketgan, kutib tursangiz, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarim borib, kerakli ma’lumotlarni beradi”. Direktorning bu so‘zlaridan so‘ng 15 daqiqa o‘tgach, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar — Uzoqboy Fozilov keldi. Uning aytishicha, muassasada 257 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil oladi. Maktabda kompyuter xonasi ham, sport zali ham yo‘q.
— Televizor orqali maktab o‘quvchilarining kompyuterda ishlayotganini, chiroyli zallarda sport mashg‘ulotlarini bajarayotganini ko‘rsam havasim keladi, — deydi 8-sinf o‘quvchisi Dildora Narzullayeva. — Qani edi, bizda ham shunday imkoniyatlar bo‘lsa...
Rahbarlarning maktabda emasligiga biror sabab ko‘rsatish mumkin, ammo dars paytida o‘qituvchilarning yo‘qligiga nima deysiz? Sinfxonalarga kirganimizda o‘quvchilar o‘z o‘rnida edi, biroq to‘rtta sinfning birortasida ham o‘qituvchi dars o‘tayotganini ko‘rmadik. O‘quvchilardan so‘raganimizda o‘qituvchilari kelmaganini aytishdi.
Maktabning ikkinchi binosiga kirishga odam cho‘chiydi. Dars o‘tiladigan xonalar mutlaqo yaroqsiz holga kelgan, partalar ham eskirgan. Shu binoda joylashgan kutubxona undan-da achinarli holatda. Kutubxonada ishtiyoq bilan o‘qilagan birorta ham asar yo‘q.
Bulung‘ur tumanidagi maktablarda shunga amin bo‘ldikki, Prezidentimiz aytgan beshta tashabbus bu yerda hali birorta rahbarni “uyg‘otmagan”. Maktab rahbarlari, tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari mazkur tashabbuslar haqida o‘ylab ko‘rganida, avvalo, bu harakat ta’lim muassasalarida sezilardi.
Abdujabbor PO ‘LATOV, jurnalist