Darsliklar nega yetishmaydi?
Maktablarda kitoblarni ijaraga berish tizimi 13 yil avval tashkil etilgan bo‘lib, maqsad o‘quvchilarni yuz foiz darslik bilan ta’minlashdir. Lekin hozirgi kungacha bu masalaga to‘liq yechim topilmagani kishini o‘ylantiradi. Xo‘sh, bu holatning sababi nimada?
O‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilingani, bu asosdagi nizom tasdiqlanganidan xabardormiz. Ushbu nizomning 2-bobida darsliklarni nashr etishga buyurtmani shakllantirish va ularni umumta’lim maktablariga yetkazib berish mazkur nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi, deb qayd etilgan. Bundan tashqari, 2-bobning 11-qismida ayrim chalkashliklar ko‘rinadi, ya’ni 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilishning istiqbolli ko‘rsatkichlari:
— darsliklar bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilar soni;
— maktablarda o‘tkazilgan xatlov natijalari.
Maktablarda xatlov asosida kamchiliklar va yo‘qolgan kitoblar uchun bank orqali jarima to‘lanadi. Kitob o‘rni jarima asosida qoplanadi, biroq yangi o‘quv yilida qaysidir o‘quvchiga darslik yetmay qoladi. Erkin savdoga chiqarilmagan va o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash muammo bo‘lib turgan bir paytda kitobning o‘rni qanday qoplanadi? Xatlov natijalari bilan tanishib chiqqanda ham qiziq holatga guvoh bo‘lamiz. Yo‘qolgan darsliklar orasida ona tili, matematika, adabiyot, tarix, biologiya kabi darsliklar borligiga guvoh bo‘lganmiz. Yil davomida o‘quvchi foydalanib bo‘lgach, bu kitoblar qayoqqa ketadi? Farzandiga qo‘shimcha ta’lim uchun o‘qituvchi yollagan ota-onaga zarur kitoblarni topib berish talabi qo‘yiladi. Ushbu ro‘yxatda maktab darsliklari ham bor, albatta. U kutubxonachidan yordam so‘raydi, imkoni bo‘lmaydi. Sotuvdan qidiradi, iloji yo‘q...
Kutubxonaga musiqa, chizmachilik, odobnoma va tasviriy san’at darsliklari muqovasi yaltiragan holatda topshiriladi, lekin asosiy qo‘llanmalarning yo‘qolishi masalani chigallashtiradi. Shularni inobatga olib, buyurtma ko‘rsatkichi hisoblanayotganda o‘quvchi sonidan tashqari tuman xalq ta’lim bo‘limi zaxirasi shakllantirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Muassasa kutubxonalariga darsliklar ham to‘g‘ri taqsimlanishi lozim.
Abdujalil TURKMANOV, Shahrisabz tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti