“Men maktab uchun nima qildim?”
Ta’limda islohotlar shunday shior bilan ishlashga undamoqda
Ertangi kunimiz poydevori bugun farzandlarimiz ta’lim olayotgan o‘quv muassasalarida yaratiladi. Yurtimizning ravnaqi va yorug‘ kelajagi yoshlarning qanday ta’lim-tarbiya olishiga bog‘liq. Zero, bugun yuksak taraqqiy etgan Yaponiya, Germaniya, Janubiy Kareya kabi mamlakatlarda islohotlarning avvali ta’limdan boshlangan. Zukko va bilimdon, mustaqil fikr yurita oladigan ilg‘or avlodni shakllantirish orqali taraqqiyotga erishish mumkinligi boshqa rivojlangan davlatlar misolida ham takror va takror o‘z isbotini topgan.
Ayni paytda 9691 ta umumta’lim maktabida 5,8 million nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. 444,7 ming pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Ochig‘ini aytish kerakki, ta’lim sifatini rivojlantirish, tizimda kompyuter texnologiyalardan foydalanish darajasini oshirish, o‘rta maxsus ma’lumotga ega o‘qituvchilar malakasiga e’tibor qaratish, joylarda xususiy maktablar ulushini ko‘paytirish kabi muammolar mavjud.
O‘qituvchilar nufuzini yanada oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha ham islohotlarga zarurat bor. Mana shu masalalarga yechim sifatida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon umumta’lim hamda maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodning axloqiy va intellektual salohiyatini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakl va usullarini joriy etish kabi bevosita ertangi kunimizga daxldor bo‘lgan muhim vazifalarni qamrab olgan.
Mazkur farmon bilan tanishar ekanman, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassis va pedagog sifatida xursand bo‘ldim. Boisi ta’lim sifatini rivojlantirishga ko‘p jihatdan e’tibor qaratilayotgan va shart-sharoit yaratilayotganiga qaramay, ayrim masalalar o‘z yechimini kutyapti. Tumanimiz miqyosida aytadigan bo‘lsak, zamonaviy ko‘rinishga ega, laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan maktablar sanoqli, desam, adashmayman. Shu bilan bir qatorda, ta’lim tizimida malakali kadrlarga ehtiyoj mavjud. Mazkur hujjatdan ko‘zlangan maqsad ham qisqa davrda tizimni yuqori sifatga ko‘tarish, qolaversa, o‘qituvchilarning tajribasini oshirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoit yaratishga qaratilgan besh tashabbusni amaliyotga tatbiq etishdir. Jumladan, konsepsiya 2030-yilga kelib, mamlakatimiz o‘qituvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur reytingida jahonning birinchi 30 ta ilg‘or davlati qatoriga kirishishiga erishishga qaratilgan. Qolaversa, konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich natijalarga erishish belgilandi.
Tumanimizda kadrlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratib, ishni ularni toifalar bo‘yicha tahlil qilishdan boshladik. Ayni paytda imkon qadar mutaxassis o‘qituvchilarning toifasini oshirishga intilyapmiz. Xorijiy til, informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari malakasini oshirishga, o‘quvchilarning sof chet tilida gapirishi uchun harakat qilyapmiz. Bu borada Toshkent shahridagi Turin politexnika hamda Inha universitetlari bilan hamkorlikni boshladik. O‘g‘il-qizlarni informatika va axborot texnologiyalariga, rabototexnikaga qiziqtirish maqsadida Toshent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda bitiruvchi o‘quvchilar o‘rtasida “Yosh dasturchi” ko‘rik-tanlovini e’lon qildik. Ushbu loyihada yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar mazkur universitetning ikki haftalik maxsus o‘quv kurslarida qatnashish imkonini qo‘lga kiritadi. Joriy o‘quv yakunida turli sinovlardan iborat tanlov o‘tkaziladi va yuqori natijaga erishgan o‘quvchilarga universitetga kirish uchun 20 foizli ball ko‘rinishida imtiyoz beriladi. Xuddi shu loyihani boshqa universitetlar bilan ham hamkorlikda amalga oshirish niyatidamiz. Fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvi tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchilarning informatika va axborot texnologiyasi bo‘yicha bilim darajasi juda past. O‘qituvchilarning malakasini ham yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Hozir mana shu darslarning sifatli o‘tilishi uchun malakali professor-mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini jalb qilib, pedagoglarning tajribasini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti. Tumanimizda uchta xususiy maktab faoliyat yuritadi. Bu yil xususiy sherikchilik asosida maktablar tashkil etishga ahamiyat qaratyapmiz. Barcha maktablarda O‘zbekiston Respublikasi milliy gvardiya bilan hamkorlikda bepul harbiy sport to‘garaklari tashkil etdik. Kam quvvatga ega bo‘lgan 8 ta maktabdagi o‘quvchi sonini muqobillashtirish maqsadida o‘quvchilarning ehtiyojidan kelib chiqib, qiziqarli intellektual to‘garak va xorijiy (ingliz, fransuz) tillar bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar uyushtiryapmiz. Bu budjetdan tashqari mablag‘ topish imkonini ham yaratmoqda.
Farmonda belgilangan asosiy masala ta’lim muassasalarini xalqaro baholash tizimiga bosqichma-bosqich tayyorlashdir. Bu borada ham tumanimizdagi 249-, 243-, 191-maktablarda PISA baholash tizimi bo‘yicha tajriba-sinov amalga oshirilmoqda. Shuningdek, konsepsiyada ko‘zda tutilganidek, “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha ishlarni rejalashtirganmiz. Avvalo, o‘quv maskanlari binosini zamonaviy ko‘rinishga keltirish va moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, o‘quv xonalarini maxsus inventarlar bilan ta’mirlashga harakat qilyapmiz. Ta’lim tizimi rivojiga hissa qo‘shayotgan mutaxassis sifatida “Men maktab uchun nima qildim?” degan g‘oyani o‘zimizga shior qilganmiz. O‘ylaymanki, imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilishi barobarida o‘qituvchining o‘zida fidoyi ishlashga yetarlicha xohish-istak bo‘lishi muhim.
Zamira AZIMBOYEVA, Olmazor tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri