Befarqlikning davosini topdim!
A’lochilarning a’lochiligi oilaviy muhitiga bog‘liq. Farzandining o‘qishi, qiziqishlari bilan mutlaqo qiziqmaydigan ota-onalar, afsuski, oramizda bor. Shunday oilalarda tarbiyalanayotgan bolalar ko‘pincha o‘zlashtirishda tengdoshlaridan ortda qoladi. Kuzatishlarim davomida yana shunga amin bo‘ldimki, biz, o‘qituvchilar ota-onalar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmayapmiz. Ota-onaning mas’uliyatini oshirmas ekanmiz, ta’lim sifatida oqsash bo‘laveradi.
40—45 daqiqalik majlisga chaqirsangiz, tashvishlarini ro‘kach qilib, turli bahonalar topadigan onalar, ishidan ortmaydigan otalarni har doimgidek, yig‘ilishda ko‘rmaysiz. O‘tgan o‘quv yili oxirida navbatdagi ota-onalar majlisini o‘tkazdim. Yig‘ilganlar 60 foizni tashkil etdi xolos. Kelganlar ham majburlikdan, zo‘rg‘a o‘tirgandek tuyuldi. O‘sha kuni kayfiyatim tushganidan ota-onalarga aytmoqchi bo‘lgan gaplarim, fikrlarim ham yodimdan ko‘tarilibdi. Shundan keyin farzandi ta’lim-tarbiyasiga bee’tibor ota-onalarni jalb qilish uchun bosh qotira boshladim.
Yanvar oyida o‘quvchilarimning har biri bilan alohida-alohida oilasi, ota-onasi, ota-onasining uning qiziqishlariga munosabati haqida suhbatlashib, jarayonni videokameraga yozib oldim. Kelasi oyda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tadbirni bahona qilib, yana ota-onalarni majlisga chaqirdim. Videoyozuvni ular e’tiboriga havola qildim. Uni eshitib, tomosha qilgan har bir ota-onaning yuragidan qanday o‘ylar o‘tdi, nimalarni o‘yladi — bu ularning yuz-ko‘zlaridan bilinib turardi. Bolalarning “Men onajonimni juda yaxshi ko‘raman, meni eshitishlarini, olgan baholarimdan quvonishini xohlayman”, “Men dadamni juda yaxshi ko‘raman, biroq dadam ishdan kelgunicha men uxlab qolaman, men turgunimcha dadam ishga ketadilar” kabi fikrlari bor edi.
O‘sha kuni ota-onalarning farzandlariga bildirgan tilaklarini ham yozib oldim. Ertasi kuni darsda biroz lirik chekinish qilib, majlisdagi videolavhalarni o‘quvchilarimga qo‘yib berdim. Bolalar ota-onasining ular haqida nima deyishini intiqlik bilan kutishdi. Mehribon onajonlarning samimiy dil izhorlari o‘quvchilarimni juda xursand qildi. Majlisga ota-onasi kelmagan bolalar biroz xafa bo‘lishdi.
Maktabda bolalarning sevimli yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan ijodiy uchrashuv o‘tkaziladigan bo‘ldi. Unga ota-onalarni ham taklif qildim. Quvonarlisi, 32 nafar o‘quvchimning uyidan jami 40 nafar vakil qatnashdi. Ba’zi o‘quvchilarning ham onasi, ham otasi keldi. Ota-onalar sinf kutubxonasiga 40 dan ziyod kitob sovg‘a qilishdi. O‘quvchilarimning nutqi ravonligi, o‘zini sahnada tutishi yozuvchimizga juda yoqibdi. “Bolajon” kanalida namoyish etiladigan “Dono bobo davrasida” ko‘rsatuvini shu sinf bilan tasvirga olish taklifini bildirdilar. Ko‘rsatuvni tasvirga olish jarayonida barcha ota-onalar katta qiziqish bilan yonimda bo‘ldi, farzandlarini qo‘llab turdi. Ota-onalar bilan hamkorlik ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishiga yana bir bor iqror bo‘ldim.
Farida AXBORALIYEVA, Zangiota tumanidagi 33-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi