Ma’naviyat soati qanday o‘tiladi?
Maktabda har juma kuni ma’naviyat soati bo‘ladi. Darsda o‘quvchilarga ma’naviy-axloqiy saboq beriladi. Ularni darsga qiziqtirish, jalb qilish esa, albatta, o‘qituvchining pedagogik mahoratiga bog‘liq. Ba’zan ma’naviyat soatlarining yengil-yelpi, shunchaki o‘tilayotgani achinarlidir.
Aslida, ma’naviyat soati nima uchun o‘tiladi?
O‘qituvchi sifatida har bir darsimning besh daqiqasini ma’naviyatga ajrataman. Unda yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarish va islohotlar, yangiliklar, buyuk allomalarning tavallud kunlari kabi muhim yangiliklar bilan tanishtirib boraman. Faol o‘quvchilar ham ertangi dars uchun ma’lumot to‘plab kelishadi. Bu orqali o‘quvchilarni ijodkorlikka, erkin fikrlashga o‘rgatish mumkin. Sinfxonamda ma’naviyat burchagini tashkil etganman. U ma’naviy-axloqiy masalalar yoritilgan kitoblar bilan boyitilgan.
O‘quvchilarga “ma’naviyat” tushunchasini birinchi sinfdayoq singdirib borish kerak. Bunda birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asari dasturilamal bo‘ladi. Ma’naviyat soatlarini tashkil etishda berilgan rejadan foydalanish joiz. Darslarda hozirgi kundagi eng dolzarb mavzular qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Masalan, quyi sinflar uchun mo‘ljallangan “Ertaklar — yaxshilikka yetaklar”, “Kim bo‘lsam ekan?” kabi mavzular biroz eskirganday tuyuladi. O‘rniga “Kitob — chin do‘st”, “Kelajak bunyodkori bo‘laman”, “Ota-onam — ilk ustozim” kabi mavzular tanlanishi kerak.
Shuningdek, ma’naviyat soatlariga ota-onalarni taklif etish lozim. Sinfda 30 nafar o‘quvchim bor, bu 60 nafar ota-ona degani. Ularni har hafta darsimga taklif qilaman. Farzandlarining darsdagi faoliyatini o‘rganib, tegishli xulosalar chiqarishadi, oila va maktabdagi harakatini solishtirishadi. Dars so‘ngida o‘qituvchining qayd daftariga o‘z fikr-mulohazalarini yozib ketishadi. Keyingi darslarda farzandlarining faoliyati ijobiy tomonga o‘zgargani kuzatiladi. Ma’naviyat soatlarini turli usullarda mazmunli tashkil etish mumkin. Masalan, mahalladagi eng ibratli, namunali oilalarni, qaysidir tashkilotdagi eng ilg‘or xodimni, harbiy, maktabni a’lo baholarga tamomlab, oliygohda o‘qiyotgan talabalarni taklif etish mumkin. Dars quruq so‘zlar bilan emas, jonli tarzda, zamon qahramonlari ishtirokida tashkil etilsa, o‘quvchilarning ma’naviy dunyoqarashi kengayadi.
Ma’naviyat soatlarida ekskursiya tashkil etish, tarixiy obidalarni tanishtirish, muzey va teatrlarga olib borish yurtga bo‘lgan muhabbatni oshiradi, milliy qadriyatlarni anglashga turtki bo‘ladi. Faol tadbirkor, fermerlar faoliyati va ularning ish joyini ko‘rsatish o‘quvchilarning turli kasblarga qiziqishini orttiradi.
Bundan tashqari, ma’naviyat soatlarida kelgusi dars uchun ijodiy ish sahifasi topshiriladi. Unda o‘quvchilar izlanishga, ijodkorlikka o‘rgatiladi. “Ota-onam orzusidagi farzand bo‘laman” kabi mavzularda insho yozish bolaning yozma nutqini o‘stirishga yordam beradi. “Kelajakda mening qishlog‘im” mavzusidagi rasm chizish topshirig‘i esa yosh rassomni ijodkorlikka undaydi.
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi