Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019: O‘zgargan talablar va natijalar
“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi yakunlandi. Fan o‘qituvchilari orasidan ilg‘or, ijodkor, mahoratli, tashabbuskor, fidoyi pedagoglarni aniqlashga qaratilgan tanlov o‘ziga xos tarzda tashkil etildi. Unda kimyo, fizika, matematika, informatika va axborot texnologiyasi, davlat va huquq asoslari, o‘zbek tili, ingliz tili, ona tili, biologiya, geografiya, boshlang‘ich ta’lim, jismoniy tarbiya va musiqa o‘qituvchilari g‘oliblik uchun bellashdi.
— Tanlov nufuzini yanada oshirish, g‘oliblarni aniqlashda haqqoniylikni ta’minlash maqsadida uni o‘tkazish tartibiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, — deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nigora Ikromova. — Jumladan, bu yil 2-toifaga hamda uch yillik malaka stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ilk bor onlayn hujjat topshirishdi va test jarayoni ham onlayn o‘tkazildi. Tanlovni markazlashgan holda boshqarib borish, o‘qituvchilar bilim saviyasini hududlar hamda fanlar kesimida tahlil qilish imkoniyati oshdi. Birinchi bosqichda 76 baldan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 11 ta fan o‘qituvchilari shahar bosqichida qatnashdi.
E’tiborlisi, bu yil tanlov qatnashchilaridan talab qilinadigan hujjatlar soni 10 tadan 5 tagacha qisqartirildi va ularni elektron yo‘llash imkoniyati berildi. Masalan, o‘qituvchi dars pasporti, portfoliosi, tashkiliy tadbirlardan lavhalar to‘plami kabi qog‘ozbozlikni keltirib chiqaruvchi hujjatlar talab etilmadi. Pedagoglarning o‘ziga nisbatan talabchanlik bilan ishlashi, mashg‘ulotga sidqidildan yondashishi ham ortgan. Avvalgi yillarda barcha turlarda bo‘lgani kabi dars o‘tish uchun yashirin mavzu tanlanardi. Bu yil esa o‘qituvchi tanlov chog‘ida kompyuterda yaratgan dars ishlanmasi asosida keyingi turda mashg‘ulot o‘tib berdi. Zero, nazariy bilimning qanchalik puxta ekani amaliyotda o‘z aksini topdi.
Hakamlar hay’ati a’zosi, professor Habibulla Tojimuhammedovning aytishicha, ijobiy o‘zgarishlar qatorida ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Tabiiy fanlar bo‘yicha darsda o‘tiladigan laboratoriya ishlari uchun reaktiv va kimyoviy idishlar yetishmaydi. Bu o‘qituvchilarning kimyoviy laboratoriya xavfsizlik va texnik qoidalarini nafaqat chuqurroq bilishida, balki o‘quvchilarga o‘rgatishida ham muammo tug‘diradi.
Shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilar may oyidan avgust oyining oxirigacha “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining xolis fikrlari, ta’lim sifatini oshirishga qo‘shgan hissasi yoritilgan materiallarni joylab borishi kerak. Uch oy davomida eng ko‘p mushtariy muhokamasida bo‘lgan, eng ko‘p ijobiy fikr to‘plagan, zamonaviy ta’lim yangiliklaridan boxabarligi isbotlangan post egasiga ko‘rik-tanlovning uchinchi bosqichi uchun 20 ball beriladi. Ushbu bahoga munosib topilmagan ishtirokchilar navbatdagi turga o‘tkazilmaydi.
Shoira BOYMURODOVA,
«Ma’rifat» muxbiri