Musobaqalar o‘quvchi shijoatini so‘ndirmasin!
Bilimlar bellashuvining maktab bosqichini kuzatib, ba’zi jihatlarga e’tibor qaratdim.
Birinchi muammo — maktab bosqichida har doim ham bellashuvga munosib o‘quvchi tanlanmayapti. Buni ishonch bilan aytishga asos bor. Ba’zi o‘quvchilar kimningdir jiyani bo‘lgani yoki o‘qituvchi shunchaki faqat uni olib borishni istagani uchungina tuman bosqichida qatnashadi. Natijada tasodifiy ishtirokchi o‘rin ololmaydi. Undan bilimli o‘quvchi esa maktab bosqichida vaziyat qurboniga aylangan.
Nega o‘quvchilarning bitta fandan emas, istasa, ko‘proq fandan bilimini sinab ko‘rishiga imkon berilmaydi? Shu savolga javobni bilimlar bellashuvini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomdan qidirdim. Nizomning IV bo‘limi 19-moddasida shunday deyilgan:
“Dekabr oyida har bir fan o‘qituvchisi o‘zi dars berayotgan sinfdagi o‘quvchilarni fan bo‘yicha bilimlar bellashuvi o‘tayotganidan xabardor qiladi. Sinfdagi o‘quvchilar bilan birgalikda, o‘zi dars berayotgan fandan 2-3 nafar eng bilimdon o‘quvchilardan iborat sinf terma jamoasini shakllantiradi. Bellashuvda sinfning terma jamoasi ishtirok etadi”.
Guvoh bo‘lganingizdek, bellashuvda kim qatnashishini o‘qituvchi o‘zi hal qiladi. Menimcha, bu noto‘g‘ri. Shu bois qoidaga biroz o‘zgartirish kiritish kerak.
Bu yil ingliz tili fanidan bellashuvning 2-bosqich imtihonlari 2 kunda o‘tkazildi. Birinchi kuni o‘quvchilar bilimi tinglab tushunish, o‘qish shartlari, ikkinchi kuni test savollari orqali sinaldi. Aynan ikkinchi kungi bahslarga e’tirozim bor. Test sinovlari qaysi maktabda o‘tkazilsa, o‘sha maktab xodimlarida o‘z o‘quvchilariga ko‘maklashish imkoni paydo bo‘larkan. Shuningdek, apellatsiya berish tartibi ham mukammal emas. Jumladan, nizomda jarayon qanday bo‘lishi ham tushuntirilgan. Ya’ni o‘quvchi natijadan norozi bo‘lsa, apellatsiya berishi mumkin. E’tirozli jihati, buni bellashuv natijalari e’lon qilingan vaqtning o‘zida, auditoriyadan chiqmay bajarish shart. Shuningdek, norozi o‘quvchiga faqat o‘zining ishi ko‘rsatiladi, xolos. Bu ham e’tirozli. Birinchidan, natijalar asosan kech mahal — soat 20.00 dan keyin e’lon qilinadi. Bu vaziyatda 5—8-sinf o‘quvchisining shikoyat qilish uchun imkoniyati qanday bo‘lishi mumkin? Mabodo shunga o‘zida kuch va iroda topsa ham, o‘z ishi ko‘rsatilsa, testdagi xatolikni yoki jarayonda bo‘lgan nohaqlikni qanday va kimga isbotlab beradi?
Shu o‘rinda o‘zim guvohi bo‘lgan voqea bilan fikrimni to‘ldiraman. Bir o‘quvchi 4-o‘rinni egalladi. 1-o‘rinni olgan raqibining bali bilan uniki orasidagi farq uncha katta emasdi. Apellatsiya tartibida shikoyat qildi. Mutaxassislarga o‘z ishi to‘g‘riligini isbotlab, imtihonda tushgan test savollaridagi xatolarni ko‘rsatib berdi. Natijada unga ball qo‘shilib, 3-o‘ringa ko‘tarildi. Birinchi o‘rindagi o‘quvchi bilan uning bali orasidagi farq juda yaqinlashdi. Shu bois birinchi va ikkinchi o‘rinni egallaganlarning ishini ham ko‘rsatishlarini talab qildi. Ular shu savollarni xato belgilagan bo‘lishi mumkinligini, bu vaziyatda ulardan ball ayirish kerakligini ta’kidladi. Ammo tashkilotchilar o‘quvchining talabini qondirmadi.
Shu o‘rinda savollardagi xatoliklarga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bilimlar bellashuvining tuman bosqichida 8-sinf ingliz tili kesimida berilgan savollarning aksariyati mukammal tuzilmagan. Masalan, 15-savolga e’tibor beramiz:
“Thank you. That’s all.”
Javob variantlari:
A) Please; B) Welcome; C) No; D) You are welcome.
Ochig‘i, boshida savolga tushunmadim. Keyin 8-sinf ingliz tili darsligidan jumboqqa yechim topdim. Darslikning 29-betidagi 4-mashqda suhbat berilgan. Suhbatdagi so‘nggi ikkinchi gapini o‘qisangiz, 15-savol shunchaki kontekstdan “yulib” olinganini ko‘rish mumkin. 14-savol ham xato tuzilgan. Variantlar orasida to‘g‘ri javob yo‘q. 3-savolda ham kichik xatolik bor, zamon noto‘g‘ri qo‘llangan. Hatto 1-savolda ham so‘zlar noto‘g‘ri joylashgan.
O‘quvchilarni rag‘batlantirishga qaratilgan musobaqalarda yo‘l qo‘yilayotgan bu kabi xatolar bolalarning shijoatini so‘ndirib qo‘ymayaptimi? Agar jarayonni adolatli tashkillashtirishni istasak, birinchi navbatda, nizomga o‘zgartirish kiritish zarur. Tashkiliy qismni ham qayta ko‘rib chiqish lozim. Masalan, maktab doirasida fanni tanlashda o‘quvchiga erkinlik berilishi lozim. Imtihonlar yanada jiddiy nazorat qilinishi, iloji boricha hakamlar boshqa tumanlardan jalb qilinishi, o‘quvchilarning test kitoblari ham DTM testi kabi shifrlangan bo‘lishi maqsadga muvofiq. Test onlayn o‘tkazilsa, yana ham yaxshi. Javoblarni esa har bir tumanda alohida ishchi guruhi tekshirishi kerak. Apellatsiya berish tartibini ham o‘zgartirish zarur. Hech bo‘lmaganda, javoblar e’lon qilinganidan so‘ng 1 hafta davomida istagan o‘quvchi test kitoblarini va o‘zi yoki boshqa ishtirokchining javobini ko‘rish imkoniga ega bo‘lsin. Bu ham o‘quvchiga xatolari ustida ishlash va tengqurlaridan o‘rganish imkonini beradi. Adolat va shaffoflik ta’minlanadi.
Ravshan MATMUSAYEV