Sinf fondi, maktab remontiga pul yig‘ish taqiqlanadi. Lekin...
O‘quv yili yakunlanishi arafasida ayrim maktablarda “sinf fondi, maktab remontiga” deb pul yig‘di-yig‘dilar boshlanadi. Buni ota-onalar qo‘mitasi sinf rahbari bilan kelishgan holda amalga oshirar emish. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Bu savolga poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan “2018-2019-o‘quv yili yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzusidagi matbuot anjumanida mas’ul mutaxassislar javob berdi.
– Ta’lim muassasalarida har qanday pul yig‘imlar noqonuniy bo‘lib, bu taqiqlanadi, – deydi xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov. – Bunday holatlarning oldini olish uchun kuzatuv kengashlari tashkil etilgan. Kengashning asosiy vazifalaridan biri noqonuniy pul yig‘imlarining oldini olishdir. Sinfxonalarni ta’mirlash yoki o‘quv yili yakunida boshqa maqsadlarda o‘quvchilardan pul yig‘ish asossiz. Qaysidir maktabda bunday holat aniqlansa, qonun doirasida tegishli chora ko‘riladi. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda ota-onalardan ham amaliy yordam kutib qolamiz.
Shahodatnoma, attestat va sertifikatning yangi namunasi tasdiqlandi
Ayni paytda 9 ming 691 umumta’lim maktabida 5,8 million o‘quvchi tahsil olmokda. Joriy yilda maktablarning 9 va 11-sinflarini 747 ming 410 o‘quvchi bitiradi. 26 maydan 15-iyunga qadar maktablarda bosqichli va yakuniy nazorat imtihonlari o‘tkaziladi.
Joriy yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yangi namunadagi shahodatnoma, attestat hamda sertifikat tasdiqlandi. Bu qarorda umumta’lim tizimida ilk marotaba nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga ham davlat namunasidagi shahodatnoma va attestat berish nazarda tutildi.
Xalq ta’limi tizimida bitiruvchilar haqida ma’lumot olishning oson va tezkor mexanizmini yaratish maqsadida maktab bitiruvchilariga shahodatnoma, attestat berishda elektron tizim joriy etiladi.
Elektron tizimga bitiruvchilar haqidagi ma’lumot va baholar kiritib boriladi. Har bir maktabda bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Maxsus muhofazalangan qog‘ozda chop etilgan shahodatnoma va attestatning orqa qismida QR-kod joylashtiriladi. Bu kodni skaner qilish orqali bitiruvchi haqida umumiy bazadan ma’lumot olish mumkin bo‘ladi.
Shu kunga qadar shahodatnoma va attestatga bitiruvchining familiyasi, ismi, bitirgan maktabi, o‘qigan fanlari bo‘yicha o‘zlashtirgan baholari ruchkada (qo‘lda) faqat o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa, bundan keyin kompyuterda uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz) yozilib, maxsus printerda chop etish rejalashtirilmoqda. Bu o‘z navbatida, bitiruvchilar xorijiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda yanada qulaylik yaratadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini rag‘batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bitiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tizimi joriy etildi. Hozirgi kunda bu medallarga nomzod o‘quvchilar soni 5 ming 638 ni tashkil etmoqda.
To‘garaklar majburiy emas, ixtiyoriy
Matbuot anjumanida o‘quvchilar yozgi ta’tilda majburiy ravishda to‘garaklarga jalb qilinayotgani va buning uchun har oy 300 ming so‘m talab etilayotgani qayd etildi. Lekin vazirlik mutaxassisi aytishicha, barcha to‘garaklar majburiy emas, aksincha ixtiyoriy ravishda olib boriladi. Har yili maktablarda “Sog‘lomlashtirish maydoncha”lari tashkil etiladi. Ulardan bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun bepul foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, poytaxtimizdagi 65 ta maktabda bepul to‘garaklar tashkil etilmoqda. Ota-onalar farzandini tumanlardagi o‘zi istiqomat qilayotgan hudud yaqinidagi maktabda tashkil etilgan bepul to‘garakka jalb qilishi mumkin. Tez orada vazirlik saytida ana shu 65 maktab ro‘yxati e’lon qilinadi.
O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasblar ro‘yxati yana 26 taga ko‘payadi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10-11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan.
2018-2019-o‘quv yilida jami 737 642 nafar 10-11 sinf o‘quvchisiga kasb-hunar o‘rgatish uchun 1 ming 748 ta o‘quv-ishlab chiqarish majmuasi tashkil etildi. Bugungi kunda o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilarga 51 ta kasb o‘rgatilmoqda. O‘quv yili yakunida dasturlarda belgilangan bilimlarni o‘zlashtirgan o‘quvchilarga kasb malakasi diplomi beriladi.
Mehnat bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib 2019-2020-o‘quv yilidan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida yana 26 ta yangi kasb hisobiga kengaytirish rejalashtirilgan.
Vazirlik mutaxassisi darsliklar nega kamligiga izoh berdi
– Maktablarda har yilgi o‘quvchilarning ro‘yxati qayta shakllantirilmasligi yoki darsliklar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ular yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin, – dedi Erkin Murodov. – Joriy yilning mart oyida davlat byudjetidan qo‘shimcha pul olib, o‘qituvchilar, malaka oshirish institutlari va maktab kutubxonasi zaxirasi uchun yetishmayotgan darsliklarni qaytadan nashr qildik. Shu vaqtgacha maktab kutubxonalarida o‘quvchilar foydalanishi uchun qo‘shimcha darsliklar bo‘lmagan. Endilikda maktablar kutubxonachilari sentabr oyini kutmasdan, o‘quvchilar sonini hisobga olib qancha darslik kerakligini tuman, viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga murojaat qiladi va kerakli kitoblar o‘z vaqtida yetkazib beriladi.
Ta’kidlanishicha, vazirlik saytida darsliklardagi xato va kamchiliklarni aniqlash uchun tanlov e’lon qilingan. Tanlov natijalari va mutaxassislar fikrlari asosida amalda bo‘lgan xatoliklar tuzatiladi. Yangi nashrda ham xatoliklar aniqlansa, nashriyot vazirlikni, vazirlik nashriyotni ayblamasligi uchun ulardan biriga javobgarlik belgilanadi.
Elektron jurnal yaratilishi rejada bor, imkonchi?
Vazirlik mutaxassislarining ma’lum qilishicha, elektron jurnal tizimi joriy etiladi. Bu loyiha Toshkent shahrida eksperiment shaklida o‘tkaziladi. Agarda bu ijobiy natija bersa, ushbu loyiha barcha hududlarda joriy etiladi. Loyiha qog‘ozbozlik muammosini kamaytirishga xizmat qiladi. Bu o‘qituvchiga qulaylik tug‘dirish bilan bir qatorda ota-onalar farzandining darslarda qatnashishi va o‘zlashtirish darajasini bilib olishiga xizmat qiladi. Biroq hozircha chekka hududlarda bunga to‘sqinlik qiluvchi omillar bor. Hududlarda internet tezligi, maktablarda zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlanganlik darajasi kabi muammolar shular jumlasidan.
Bundan tashqari, joriy yilning sentabr oyidan boshlab o‘qituvchilar ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos etilib, ulardan faqat sifatli dars berish talab etiladi.
Xurshid QODIROV, O‘zA