Endi attestatni soxtalashtirish imkonsiz
O‘quv yili yakuni yaqinlashgani sari o‘quvchilar qalbi hayajonga to‘ladi. Bitiruvchi-yu pedagoglarning savollari bisyorligi keyingi yillarda xalq ta’limi tizimidagi o‘zgarish va yangilanishlar tobora jadallashayotganidan darak beradi. Milliy matbuot markazida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2018-2019-o‘quv yili yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida barcha savollarga batafsil javob berildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, ayni paytda 9 691 umumta’lim maktabida 5,8 million o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy yilda maktablarning 9- va 11-sinflarini 747 410 nafar o‘quvchi bitiradi. 26-maydan 15-iyunga qadar maktablarda bosqichli va yakuniy nazorat imtihonlari o‘tkaziladi.
11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-maydagi qaroriga muvofiq, yangi namunadagi shahodatnoma va attestat hamda sertifikat tasdiqlandi. Ushbu qarorga ko‘ra, umumta’lim tizimida ilk marotaba nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga ham davlat namunasidagi shahodatnoma va attestat berish nazarda tutildi.
— Maktab bitiruvchilari haqida ma’lumot olishning oson va tezkor mexanizmini yaratish maqsadida ularga shahodatnoma va attestat berishda elektron tizim joriy etiladi, — deydi Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov. — Bu tizimga bitiruvchilar haqidagi ma’lumot va baholar kiritib boriladi. Har bir maktabda bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Maxsus muhofazalangan qog‘ozda chop etilgan shahodatnoma va attestatning orqa qismida QR-kod joylashtiriladi va uni skaner qilish orqali bitiruvchi haqida umumiy bazadan ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Shu kunga qadar shahodatnoma va attestatga bitiruvchining familiyasi, ismi, bitirgan maktabi, o‘qigan fanlari bo‘yicha o‘zlashtirgan baholari ruchkada (qo‘lda) faqat o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa, bundan keyin kompyuterda uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz) yozilib, maxsus printerda chop etish rejalashtirilmoqda. Bu esa bitiruvchilarning xorijiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishida yanada qulaylik yaratadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bitiruvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tizimi joriy etildi. Hozirgi kunda bu medallarga nomzod o‘quvchilar soni 5 638 nafarni tashkil etmoqda.
— 812 ta maktabdan tashqari ta’lim muassasasining to‘garaklari, sport seksiyalari, musiqa va san’at mashg‘ulotlariga 576 235 nafar o‘quvchi jalb etilgan, — deydi E.Murodov. — Jumladan, 215 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi, 314 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 230 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda 53 ta sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘quvchilar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda.
Matbuot anjumanida ayrim maktablarda sinf fondi, maktab ta’miri uchun pul yig‘ish holatlari uchrayotgani qayd etildi. Vazirlikning mas’ul mutaxassisi ta’lim muassasalarida har qanday pul yig‘imlari taqiqlanganini ta’kidladi. Bunday holatlarning oldini olish uchun maktablarda kuzatuv kengashi tashkil etilgani, sinfxonalarni ta’mirlash va boshqa maqsadlarda o‘quvchilardan pul yig‘ish asossiz ekani, qaysidir maktabda bunday holat aniqlansa, qonun doirasida tegishli chora ko‘rilishini eslatdi.
Joriy o‘quv yilida 737 642 nafar 10-11-sinf o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatish uchun 1 748 ta o‘quv-ishlab chiqarish majmuasi tashkil etildi. Bugungi kunda o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilarga 51 ta kasb o‘rgatilmoqda. O‘quv yili yakunida dasturlarda belgilangan bilimlarni o‘zlashtirgan o‘quvchilarga kasb malakasi diplomi beriladi.
Mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2019-2020-o‘quv yilidan o‘quv ishlab chiqarish majmualarini yana 26 ta yangi kasb hisobiga kengaytirish rejalashtirilgan.
Vazirlik mutaxassislari anjumanda ta’kidlaganidek, kelgusida maktablarning istiqbolli modellari va davlat-xususiy sheriklik boshqarmasi respublika miqyosida o‘rganish ishlari olib boradi.
Dilshod RO‘ZIQULOV