178 nafar o‘qituvchi “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanma oldi
Joriy yilning 6-15-may kunlari “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi—2019” respublika tanlovining ikkinchi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqichi o‘tkazildi. Tanlovning mazkur bosqichida respublika bo‘yicha 2376 nafar ishtirokchilar qatnashishi rejalashtirilgan edi. Jami 2376 nafar ishtirokchidan 26 nafari turli sabablarga ko‘ra tanlovda ishtirok etmadi.
Tanlovni adolatli o‘tkazish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida test topshiriqlari Respublika ta’lim markazining hududlarga biriktirilgan mas’ul xodimlari kuzatuvi ostida o‘tkazildi. Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan belgilangan ta’lim muassasalari test jarayonlarini bevosita kuzatib borish maqsadida videokuzatuv vositalari bilan ta’minlandi. Test jarayonlarida qatnashgan ishtirokchilarning 1263 nafari qoniqarli natija ko‘rsatib, keyingi turda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichi yakunlariga ko‘ra, 13 ta fan bo‘yicha jami 178 nafar ishtirokchi g‘olib deb topilib, tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga Jizzax viloyatida davlat tili, Samarqand viloyatida jismoniy tarbiya, Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida musiqa fanidan ishtirokchilar yetarli ball to‘play olmaganligi sababli g‘oliblar aniqlanmadi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Respublika bosqichi ishtirokchilari joriy yilning 1-iyunidan 10-iyuliga qadar ta’lim sifatini oshirishda mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida o‘zlari tayyorlagan loyiha taqdimotlari hamda faoliyati bo‘yicha natijalar (portfolio)ni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga joylashtiradi. Shaxsiy sahifaga joylanadigan materiallarda #yiloqituvchisi2019, #yilo‘qituvchisi2019 heshteglaridan foydalanish etiladi. Loyiha taqdimotlari va faoliyati bo‘yicha natijalari (portfolio) keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinadi va baholanadi. Bunda Xalq ta’limi vazirligining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi (facebook.com/uzedu)da tanlov o‘tkazilayotgan har bir fan bo‘yicha alohida ovoz berish tizimi joriy etiladi.