Sapchada qachon maktab quriladi?
Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududida aholining turmush darajasini oshirish, yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish borasida juda katta ishlar, izlanishlar olib borilayotganini ko‘rib turibmiz. Zero, yurtimizda o‘tkazilayotgan keng qamrovli islohotlar zamirida avvalambor inson manfaatlari yotibdi.
Xiva tumani “Varangzon” mahallasining “Sapcha” deb nomlangan mavzesida yashovchi fuqarolar o‘z hududidagi mavjud muammolarni o‘rganishimizni iltimos qilishdi. 73 yoshli Rahmatjon Boyjonovning aytishicha, “Urganch—Xiva” katta avtomobil trassasi bo‘yida joylashgan ushbu aholi punkti rasman shu paytgacha tan olinmasdan kelgan edi. 650 ga yaqin xonadon yashaydigan hududda birorta ham ijtimoiy, sport yoki ta’lim maskani mavjud emas ekan. Biroq ushbu hududda yashovchilarning istak va sa’y-harakatlari natijasida yaqinda bu yerda yangi mahalla tashkil etilishi ma’qullanibdi. Bu yangilik sapchaliklar tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi. Negaki, endilikda rasman mahalla maqomiga ega bo‘lish ortidan to‘planib qolgan muammolar hal etilishiga umid bildirilmoqda.
— Men Sapcha mavzesining norasmiy oqsoqoliman, — deya o‘zini tanishtiradi Jumanazar Bekchanov. — hududimizdagi eng katta muammolardan biri yoshlarimizning ertangi kamoli masalasi. Bilamiz, 2017-yili prezident tashabbusi bilan yoshlar ittifoqi katta umidlar bilan tashkil qilingan edi. Biroq mana ikki yil bo‘ldi, hududimiz yoshlari bilan bu tashkilotning ishi yo‘q! Bizning yoshlarimiz ham zamonaviy stadion va zallarda sport bilan shug‘ullangisi, kutubxonalardan foydalangisi keladi. O‘z imkoniyatini, salohiyatini ko‘rsatish uchun yoshlar tashkilotining yordamiga suyangisi keladi. Imkon berib, sharoit yaratilsa, ozgina qo‘llab-quvvatlasak, yoshlarimiz orasida o‘z mablag‘lari evaziga sport maydonchalari, kutubxona, hammom va boshqa tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilib, yangi ish o‘rinlari yaratishga qodir uddaburon yigit-qizlarimiz bisyor. Buning uchun rahbarlarimizning e’tibori va ko‘magi kerak, xolos! Eng katta muammomiz bu — maktab masalasi! Sapchalik bolalar 2—4 kilometr yo‘l bosib piyoda maktabga borishga majbur! Barchada ham shaxsiy mashina yo‘q, maktab tomon jamoat transporti qatnamaydi.
Maktab masalasiga aniqlik kiritish uchun 12-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Quvondiq Ernazarov bilan uchrashdik.
— Maktabimizda 1120 o‘quvchi ta’lim oladi. Haqiqatan ham, ularning salkam 600 nafari qo‘shni Sapchadan keladi. Ko‘pchiligi 3- 4 km yo‘l bosib kelishga majbur. Qishning sovuq kunlari yoki yog‘ingarchilik payti ularning maktabga kelishi juda qiyin. Bu esa davomatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Boz ustiga, sinfxonalar yetishmaydi, maktabimizning o‘zi jiddiy ta’mirga muhtoj. Maktabimiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.
“Varangzon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan gaplashish maqsadida ikki kun 12-maktab hududida joylashgan mahalla idorasiga borib, uchrasha olmadik. Xiva tuman hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Norboyev bilan yuqoridagi ahvolga munosabatini bilish uchun uchrashmoqchi bo‘lib, qo‘ng‘iroq qilsak, viloyat markazida majlisdaligini, biz bilan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri uchrashishini aytdi. Shundan keyin ushbu hudud sektor rahbari, tuman prokurori Shuhrat Obdolniyozov oldida o‘zini tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari deb tanishtirgan Ergash Ismoilov Sapchadagi maktab muammosiga quyidagicha izoh berdi:
— Aslida, belgilangan normativ hujjatlarga ko‘ra, maktabdan 5 km radiusda maktabga qatnash normal holat, biroq aholining taklifini inobatga olib, 2021-yili Sapchada 280 o‘rinli maktab qurilishi rejalashtirildi.
Haqiqatan ham 5 km uzoqlikdan qatnab o‘qish qog‘ozda normal holat bo‘lishi mumkindir, biroq qahraton qishning sovuq kunlari, yog‘ingarchilik payti qishloqning loy ko‘chalaridan 2- 3 km .dan maktabga piyoda qatnash yosh bolalarga oson emasligini normativlarni ishlab chiqqanlar tasavvur qila olarmikan! Boz ustiga, maktabgacha qatnaydigan jamoat transporti bo‘lmasa. Axir, hamma ham shaxsiy avtomashinasiga ega emas-ku? Mutasaddining ushbu hududdagi o‘quvchilarning soni bugungi kunda 600 nafar ekanini eshitib hayron qolgani bizni hayratga soldi. Axir, biror hududda maktab qurilishini rejalashtirishdan oldin ushbu hududdagi o‘quvchilarning bugungi va istiqboldagi soni inobatga olinmaydimi? Yoki nomiga maktab qurilsa bo‘ldimi? Ushbu holat mavjud muammoning yechimini topishga yuzaki yondashilganidan dalolat bermaydimi?
Davlatnazar RO‘ZMETOV, jurnalist