Maktab oshxonasi taomnomasi. Unda nimalar bo‘lishi kerak?
Maktabdan qaytayotgan chamasi 9-10 yoshlardagi qizaloq do‘konga yaqinlashganida erkalanib diydiyo qildi:
― Dadajon, ertalabdan beri ovqatlanganim yo‘q. Qornim juda ochdi.
― Iye, ertalab oying tayyorlab qo‘ygan ovqatni olib ketmaganmiding?
― Esimdan chiqibdi.
― Och yurmasdan, oshxonadan biror narsa olsang bo‘lardi-ku.
― Eee, oshxonada piyoz bilan to‘ldirilgan somsadan boshqa hech narsa yo‘q. Piyozli somsani yoqtirmayman. Kriyeshki, qurut, saqich bilan qorin to‘ymaydi.
― Shunaqami?
― Ha. Lekin endi oshxonamiz o‘zgarsa kerak. Anavi oshpaz xola ishdan ketadi, uning o‘rniga mazali taomlar pishiradigan, qo‘li shirin pazanda opa kelarkan. Singan stol-stullar ham almashtiriladi, yog‘ bosgan devorlarga chiroyli gulqog‘oz yopishtiriladi...
― Voy qaqajon-e, sen buni qayerdan bila qolding?
― Kecha bizga “Men direktor bo‘lsam...” degan mavzuda insho yozdirishdi. Sinfdoshlarimning deyarli hammasi agar direktor bo‘lib qolishsa, eng avval oshxonadagi sharoitlarni yaxshilashlari haqida yozishibdi. Ustozimning aytishicha, yuqori sinf o‘quvchilari ham shu haqda yozishganmish. Insholarni direktorning o‘zi tekshirar ekan...
Qizaloq dadasi olib bergan pecheniyeni yutoqib yer ekan, shirin xayollarga beriladi. Tasavvurida ― o‘zi va sinfdoshlari orzu qilgan oshxona, undagi mazali taomlar. Qizaloqning gap-so‘zlari ehtimol bolalarcha injiqlik bo‘lib tuyular, biroq mulohaza qiladigan bo‘lsak, shu injiqlik ortida ko‘plab bolalarning xohish-istaklari, biz kattalar e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan masala borligiga amin bo‘lamiz. Gap maktab oshxonalaridagi ahvol va o‘quvchilarning o‘z vaqtida to‘g‘ri, to‘yimli ovqatlanishi haqida.
Tibbiyot nuqtayi nazari bilan yondashadigan bo‘lsak, o‘z vaqtida to‘yib ovqatlanmaslik bolalarda kamqonlik, ovqat hazm qilish a’zolari faoliyatining buzilishi, aqliy va jismoniy rivojlanishdan orqada qolishga sabab bo‘ladi, ularda immunitet pasayishi kuzatilib, bu o‘quv faoliyatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi. Xo‘sh, bugun maktablarda bu jihatga qay darajada ahamiyat qaratilmoqda? Ana shu savolga javob olish maqsadida viloyatdagi bir nechta maktablarda bo‘lib, oshxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Shofirkon tumanidagi 25-maktabda 350 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ayni tushlik mahali kirib borganimizda, maktab oshxonasi o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan gavjum ekanligining guvohi bo‘ldik. Ilm maskani direktori Akbar Elmurodovning aytishicha, Kuzatuv kengashi va maktab jamoasi bilan o‘zaro kelishgan holda, mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib, oshxonada sabzavotlar, kamxarj mahsulotlardan doimiy issiq ovqat pishirish yo‘lga qo‘yilgan ekan.
― Taomnomamizdan vitaminga boy sabzavotlar qo‘shib tayyorlangan mastava, no‘xatli, loviyali va grechkali sho‘rva, qovurma makaron kabi taomlar o‘rin olgan, ― deydi oshpaz-tadbirkor Hamida Mahmudova. ― Bir porsiya issiq ovqat nonsiz hisoblaganda, 1000 so‘mga to‘g‘ri kelyapti.
― Go‘shtsiz bo‘lsada, ovqatlarimiz juda mazali. Bu ota-onalarga ham, o‘quvchilarga ham birdek ma’qul. Hattoki, biz o‘qituvchilar ham shu yerda ovqatlanamiz, ― deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulnora Murodova.
Ushbu ilm maskanidan uncha uzoq bo‘lmagan 38-maktab oshxonasining taomnomasiga ham xuddi shu singari ovqatlar kiritilgan ekan. Faqatgina narxlari balandroq: 2000 so‘m. Buni oshxona faoliyatini boshqarayotgan tadbirkor oshpaz ― Sojida Imomova quyidagicha izohladi:
― Ovqatlarimizning yuqori kaloriyali va mazali bo‘lishi uchun
go‘sht mahsulotlaridan foydalanamiz. Agar bir kilogramm go‘shtning bozordagi narxi o‘rtacha 35―40 ming so‘m ekanligi inobatga olinadigan bo‘lsa, tabiiyki, bu ovqatning ham narxiga ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, har bir porsiyaga non ham qo‘shib beriladi.
Oshxonada, shuningdek, osh, manti kabi tansiq taomlar ham pishirib turilar ekan. Narxi 500 so‘m qilib belgilangan kartoshkali somsa esa eng xaridorgir mahsulot hisoblanarkan. Buni o‘quvchilar bilan bo‘lgan suhbat asnosida bilib oldik.
Mazkur ta’lim muassasalari oshxonasida yaratilgan shart-sharoit ota-onalarning talab va imkoniyatlariga mos bo‘lib, o‘quvchilarning o‘z vaqtida to‘yimli ovqatlanishi uchun xizmat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ammo ulardagi bir jihat ― sanitariya va gigiyena masalasiga e’tibor ta’bimizni biroz xira torttiradi.
G‘ijduvon tumanidagi maktablarda esa tamoman bo‘lak manzaraga guvoh bo‘ldik. Shundoqqina markazda joylashgan 1-umumta’lim maktabi tumandagi yirik qamrovli ta’lim muassasasi bo‘lib, ayni paytda bu yerda 1687 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Darslar ikki smenada olib boriladi. Shunday bo‘lishiga qaramay, maktab oshxonasida ovqat pishirilmaydi. “Markazda joylashganimiz uchun bizda ovqatga ehtiyoj yo‘q. Yon-atrofimizda ovqatlanish shaxobchalari, do‘konlar juda ko‘p. O‘quvchilarimiz shu yer-dan ovqatlanishadi,” dedi maktab rahbarlari. Tadbirkor Samir Vahobov boshqarayotgan oshxona taomnomasidan faqat perashka o‘rin olgan. Peshtaxtalar esa turli xil gazlangan ichimliklar, rang-barang shirinliklar, pista, saqich kabi taqiqlangan mahsulotlar bilan to‘lib-toshgan ― xuddi supermarketni eslatadi.
46-maktab oshxonasining devoriga osig‘liq turgan “Menyu”dan sosiskali, kolbasali, sifati kafolatlanmagan salatlar qo‘shib tayyorlangan qo‘lbola taomlar ro‘yxati o‘rin olgan. “Bular shunchaki yozib qo‘yilgan. Aslida, bizda taqiqlangan ovqatlar sotilmaydi” deya qog‘ozni devordan yulib oldi oshpazlardan biri.
Oshxonalardagi ahvolni o‘rganar ekanmiz, bir narsa bizni taajjublantirdi. Hatto ayrim maktab rahbarlari va hamshiralarining oshxonada qanday ovqat tayyorlanayotganidan xabari yo‘q.
Oradan birmuncha vaqt o‘tib, G‘ijduvon tumaniga yana yo‘limiz tushdi. Bahonada qalamga olingan maktablar oshxonasiga mo‘raladik. Ahvol deyarli o‘zgarmagan. Lekin taqiqlangan mahsulotlar kamaytirilgan.
Nima bo‘lganda ham, o‘quvchilarning qanday ovqat tanovul qilayotgani, taom sifati rahbarlarni zimmasidagi muhim vazifalaridan. Ba’zilar “oshxonani tadbirkorlar yuritishadi”, deya o‘zlarini oqlagan bo‘lishdi. Nahotki, ular oshxonada sifatsiz ovqatlar va taqiqlangan mahsulotlarni sotishga yo‘l qo‘ymaslik ta’lim muassasasi rahbarlari zimmasida ekanligini haligacha tushunib yetmagan bo‘lsa?!
Iroda ORIPOVA,
“Ma’rifat” muxbiri