Zamonaviy rahbar imiji
O‘tgan yillar davomida ko‘pincha eng yaxshi fan o‘qituvchisi maktabni boshqarish qobiliyati yuqori bo‘lmasa-da, direktor etib tayinlanar edi. Yaxshi mutaxassisning salohiyati noto‘g‘ri yo‘naltirilishi oqibatida butun boshli ta’lim muassasasining faoliyati, undagi sog‘lom pedagogik muhit qoniqarsiz ahvolda qolishi ayni haqiqat. Bu esa boshqaruv san’atining barcha nozik qirralarini puxta egallagan kadrlarga ehtiyoj va zarurat yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida o‘tkazilgan “Ta’limda menejmentning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy konferensiyasida shu haqda so‘z bordi.
Institutning 85 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari D.Braun, institut rektori N.Rahmonqulova yurtimizdagi umumta’lim maktablarida samarali menejment joriy etilayotgani, ta’limni rivojlantirishda O‘zbekiston — AQSh hamkorligi istiqbollari xususida so‘z yuritdi.
— Keyingi yillarda maktab direktorlarining na nufuzi, na maoshi oshayotgan edi, — deydi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov. — Davlatimiz rahbari tomonidan ayni masalaga alohida e’tibor qaratilgani tufayli xalq ta’limi tizimi xodimlari mehnati munosib rag‘batlantirilib, ortiqcha yumush va topshiriqlardan qutuldi. Aslida menejment keng qamrovli tushuncha. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, Fransiyada ta’limda menejment instituti faoliyat ko‘rsatadi. Mamlakatimizda ham bu borada dadil qadamlar tashlanmoqda. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ziyod maktab direktorining ta’lim sohasidagi menejer sifatida malakasi oshirildi. O‘zbekiston OAK Rayosatining qarori asosida ilk bor o‘tgan yildan beri institut qoshida pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda “Ta’limda menejment” ixtisosligi bo‘yicha 4 ta doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli yoqlandi.
Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va metodistlar qatnashgan tadbirda “Fullbright DAST” dasturi (AQSh) loyihasi bo‘yicha mutaxassis J.Smetana xonim bu yil bir oy mobaynida Buxoro, Samarqand, Navoiy, Nukusda o‘tkazgan seminar-treningi xulosalarini taqdimot tarzida o‘rtoqlashdi.
— Mutaxassislar fikricha, zamonaviy maktab direktorining imiji 4 ta omil asosida baholanadi, — deydi J.Smetana. — Bular reaksiya, bilim, xulq-atvor va ta’sirdir. Dunyo tajribasida tan olingan, bolaning shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim yurtingizda izchil tatbiq etilayotgani quvonarli hol. Menejerlik mashg‘ulotlarimiz ta’limda menejment bo‘yicha hududiy trenerlarni tayyorlashga xizmat qiladi. Bu esa xalq ta’limi tizimida menejment konsepsiyasini shakllantirishga ko‘maklashishi shubhasiz.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilari “Ta’lim boshqaruvining ijtimoiy va huquqiy masalalari”, “Xalq ta’limi muassasalarida ta’lim sifati menejmenti”, “Ta’limni boshqarish jarayonini axborotlashtirishning dolzarb masalalari”, “Ta’limda menejment” ixtisosligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash masalalari” mavzularida sho‘balarda fikr almashdi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida o‘quv jarayonini boshqarishda maktab rahbariga qo‘yiladigan kasbiy kompetentlilik talablari, ta’limni boshqarish va baholash jarayonini axborotlashtirish, maktab imijini shakllantirishda ta’lim muassasasining jamoatchilik bilan aloqalarining o‘rni, malaka oshirish tizimida innovatsion menejmentni joriy etish, kouching o‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish kabi mavzular keng muhokama etildi.
Anjuman yakunida ta’limda menejmentning dolzarb masalalari bo‘yicha bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida vazirlikka taqdim etish uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri