Davlat namunasidagi attestat xususiy maktab bitiruvchilariga ham beriladi
So‘nggi yillarda nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu kunga qadar nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘z nomidan bitiruvchilariga shahodatnoma va attestatlar berish vakolatiga ega emas edi. Va bu nodavlat maktablar faoliyatidagi jiddiy muammo bo‘lib kelayotgandi.
Prezidentimizning 2017-yil 15-sentabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandida nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘z faoliyatini davlat ta’lim standartlari va talablari asosida amalga oshirishi hamda bitiruvchilariga davlat muassasalari shahodatnoma va attestatsiyasi namunasidagi hujjat berishi tartibi belgilandi.
O‘n bir yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga izchil o‘tishni ta’minlash maqsadida shu yilning 13-fevral kuni Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi. Mazkur qarorga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchilariga beriladigan shahodatnoma va attestatlarning yangi namunasi tasdiqlandi.
Xalq ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim tizimida ilk marotaba nodavlat umumta’lim muassasalari bitiruvchilariga ham davlat namunasidagi shahodatnoma va attestatlar berish tartibi begilandi.
— Shu kunga qadar muassasamiz davlat imtihonlarini o‘zi tashkil qilish vakolatiga ega emasdi, — deydi “Vunderkind” nodavlat ta’lim muassasasi direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Munavvar Mannopova. — O‘quvchilarimiz boshqa davlat umumta’lim maktablariga borib bosqichli va yakuniy nazorat imtihonlaridan o‘tishardi. Bu esa qator noqulayliklarni keltirib chiqarardi. Prezidentimiz qaroriga binoan xususiy maktablarga ham o‘z ta’lim maskanida davlat imtihonlarini tashkil etish va bitiruvchilarga shahodatnoma, attestatsiya taqdim etish vakolati berilgani nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Joriy o‘quv yilida muassasamizni tamomlayotgan 28 nafar 9-sinf bitiruvchisiga shahodatnoma beramiz. Hozir bitiruvchilar davlat ta’lim standartlari asosida yakuniy nazorat imtihonlaridan o‘tishyapti.
Endi davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari kabi nodavlat maktablar ham 2018-2019-o‘quv yilida yakuniy davlat attestatsiyalarini(imtihon) o‘zlarining ta’lim muassasalarida DTS talablari asosida belgilangan tartibda o‘tkazadi. Davlat umumta’lim muassasalari va nodavlat maktablar tomonidan berilgan shahodatnoma va attestatlar bir xil maqomga ega bo‘lib, ta’lim tizimining keyingi bosqichini davom ettirish huquqini beradi.
Zilola MADATOVA