Xalqaro baholash dasturlariga bag‘ishlandi
Qashqadaryo viloyat hokimligida “Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish — ta’lim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyat xalq ta’limi bosh-qarmasi xodimlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, Qarshi davlat universiteti hamda universitet huzuridagi xalq ta’limi tizimi pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi professor-o‘qituvchilari, tayanch maktablar direktorlari, aniq va tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar metodbirlashmalari rahbarlari, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha milliy ekspertlar tarkibiga kiritilgan o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Seminarni viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari D.Allayev kirish so‘zi bilan ochdi.
Seminarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i A.Radjiyev “Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar”, ta’lim tadqiqotlari bo‘yicha Avstraliya kengashi katta ilmiy xodimi U.Shvantner “PISA tadqiqotlarini joriy etishda sifatni ta’minlash”, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori A.Ismoilov “PISA tadqiqotlariga tay-yorgarlik ko‘rish va o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari”, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassisi, koordinator B.Ochilov “O‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash”, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i X.Ahmedov “O‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholash (PISA yo‘nalishi bo‘yicha)”, Milliy markaz bosh mutaxassisi J.Narziyev “O‘quvchilarning ijodiy fikrlash savodxonligini baholash” (PIRLS yo‘nalishi bo‘yicha) mavzularidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etib, ishtirokchilarga PISA yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i B.Jo‘rayev Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030- yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur seminarni tuman(shahar)larda davom ettirish va ta’lim muassasalaridagi barcha o‘qituvchilarga xalqaro baholash tizimining mazmun-mohiyatini yetkazish muhimligini ta’kidladi.
Seminarda ishtirok etgan PISA ta’lim tadqiqotlari bo‘yicha Avstraliya kengashi katta ilmiy xodimi U.Shvantner seminarni tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilgan viloyat hokimligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hududiy bo‘limi hamda xalq ta’limi boshqarmasiga minnatdorlik bildirdi.
Seminar yakunida berilgan savollarga tashkilotchilar batafsil javob berdi.
Boboyor OCHILOV, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xorijiy tillar metodisti