“Eng obod maktablar” aniqlandi
Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, joriy yilning 20-mart kunidan boshlab aprel oyining so‘ngiga qadar xalq ta’limi muassasalarida “Obod maktab” ekologik oyligi tashkil etildi.
Mazkur oylik doirasida umumta’lim maktablari o‘rtasida “Eng obod maktab” tanlovi o‘tkazilib, unda 200 dan ortiq ta’lim muassasalari faol qatnashdi.
Tanlov jarayonida xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalari hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining reja asosida tashkil etilganligi, hududning sinflarga taqsimlanganligi, ularning tartib bilan belgilanganligi (tablichkalar), mevali, manzarali daraxt va gul ko‘chatlarining mahalliy iqlim sharoitlari va xususiyatlaridan kelib chiqqan holda rejali ekilganligi, har bir ekilgan daraxtga mas’ullar biriktirilganligi va ularning parvarish qilinishi, daraxtlarga shakl berilganligi va oqlanganligi, istiqbolli tadbirkorlik maqsadini ko‘zlab gulzor yoki bog‘lar tashkil etilishi kabi ijodkorlik va kreativlik namoyish qilinganligi haqidagi videoroliklar (facebook, Instagram) #obod_maktab, #hasharnavolari xeshtegi bilan joylashtirildi.
Tanlovning respublika tashkiliy qo‘mitasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ta’lim muassasalari o‘quvchilarining uchta yo‘nalish bo‘yicha taqdim etilgan 42 ta ijodiy videolavhalari Xalq ta’limi vazirligining https://www.facebook.com/uzedu saytiga joylashtirildi.
Saytga joylashtirilgan videoroliklar uchun joriy yilning 10 may kuni soat 17:00 ga qadar ovoz berilib, yakunda har bir viloyatdan bittadan eng ko‘p ovoz to‘plagan ta’lim muassasalari aniqlandi.
Joriy yilning 30-may kuni Toshkent shahridagi 217-sonli umumta’lim maktabida “Eng obod maktab” tanlovining 14 nafar respublika bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan tashrif buyurgan g‘olib ta’lim muassasalariga vazirlikning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.