Ta’lim tizimi boshqaruvida Yaponiya tajribasi
Xalq ta’limi vazirligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va “Digital Knowledge Co.Ltd” kompaniyasi (Yaponiya) yurtimizda ta’limni boshqarish tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihani boshladi.
Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha bayonnoma imzolandi. Loyiha ta’limni boshqarish tizimini joriy etish orqali maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish, yurtimizning barcha viloyatlarida yagona ta’lim sifatini ta’minlash hamda davlat va nodavlat maktablarida ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Davlat-xususiy sheriklik shaklidagi mazkur loyihaning qiymati 1 million AQSh dollariga teng. Loyiha JICA tomonidan ajratilgan grant hisobiga moliyalashtiriladi. “Digital Knowledge Co.Ltd” kompaniyasi mutaxassislari yangi loyihani amalga oshirishda ishtirok etadi. Jumladan, loyiha doirasida mamlakatimizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘istondagi 14 ta (har bir hududda bittadan) pilot maktabda ta’limni boshqarish tizimi joriy etiladi.
Yaponiyalik mutaxassislar loyiha doirasida pilot maktablar faoliyati va o‘qitish metodlarini o‘rganadi. Hamkorlik natijalariga ko‘ra, o‘qituvchilar “Ichishin Holdings Group”, “Meiko Network Japan”, “Gakusho” va boshqa yetakchi yapon kompaniyalarining o‘quv dasturlari va materiallari bo‘yicha masofaviy ta’lim oladi. Mazkur dastur va materiallar tarjima qilinib, O‘zbekiston standartlariga moslashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning asosiy qismlaridan biri bo‘lgan kompyuter test tizimi mahalliylashtirilgandan so‘ng mazkur tizim orqali pilot maktablardagi o‘quvchilar imtihondan o‘tkaziladi. Bu esa o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini aniq-lashga yordam beradi.
— Rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatyapmiz. Bu loyiha ana shu ishlarning yaqqol misolidir, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Boboxo‘jayev. — Loyiha bir yil davomida amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus kelgusida ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha yirikroq loyihani amalga oshirishga turtki bo‘lishi mumkin.
Loyiha doirasida yaponiyalik mutaxassislar nodavlat ta’lim muassasalari vakillari uchun ham ta’lim tizimini boshqarishning afzalliklari va elektron o‘quv materiallarini yaratish bo‘yicha qator tadbirlar tashkil etishni rejalashtirgan. Istiqbolda yaratilgan o‘quv materiallari davlat maktablarida sinovdan o‘tkaziladi.
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri