Qo‘shimcha kurslarga ehtiyoj bormi?
Har bir sohaning rivojlanishi uchun xato va kamchiliklar tuzatilib, ko‘zga tashlangan muammolarga yechim izlanishi darkor. Ta’lim tizimidagi ayrim dolzarb masalalar, jumladan, tayanch o‘quv rejalardagi ayrim noto‘g‘ri jihatlarni ta’kidlash joiz. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan 10-11-sinflar uchun tayanch o‘quv rejaning 6-bandida 1-4-sinflarda 10 soatlik “Konstitutsiya alifbosi” (o‘qish, atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, odobnoma va tarbiyaviy soat darslari tarkibida), 5-7-sinflarda 17 soatlik “Konstitutsiya olamiga sayohat” kurslari (5-6-sinflarda “Vatan tuyg‘usi” fani hisobidan, 7-sinfda esa maktab ixtiyoridagi soatlar hisobidan) o‘qitilishi ko‘rsatilgan.
Biroq maktablarda “Konstitutsiya alifbosi” va “Konstitutsiya olamiga sayohat” kurslari bo‘yicha o‘quvchilar uchun qo‘llanmalar soni yetarli emas. Bizningcha, bu kurslar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar o‘quvchilar soniga teng miqdorda chop etilishi va maktab kutubxonalariga tarqatilishi lozim. Shunda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga oid me’yoriy hujjatlar ijrosi osonlashadi.
Qolaversa, mazkur kurslarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv rejaning 8-bandida 1—4-sinflarda “Iqtisod va soliq alifbosi” (10 soat), 5-7-sinflarda esa “Iqtisod va soliq saboqlari” (17 soat) kurslarining, 15-bandida esa 1-6-sinflarda 17 soatdan “Hayot xavfsizligi asoslari”, 16-bandida 1-6-sinflarda “Salomatlik darslari”, 5-9-sinflarda esa “Sog‘lom avlod asoslari”, 17-bandida 1-9-sinflarda “Tejamkorlik saboqlari” (17 soat), 19-bandida 1-11-sinflarda “Ekologik tarbiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan bilimlar”, 22-bandida esa 5-7-sinflarda “Oila asoslari”, 5-10-sinflarda “Oila etikasi va psixologiyasi” kurslarining o‘qitilishi va ularning qaysi fanlar uchun ajratilgan soatlar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
E’tibor bersangiz, 12 ta qo‘shimcha kurs joriy etilgan. Biroq ular bo‘yicha o‘quvchilar uchun o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmagan yoki ayrimlari bo‘yicha bir vaqtlar nashr etilganlaridan foydalanilmoqda. Bu o‘rinda quyidagi savollar tug‘iladi: aslida o‘quvchilar uchun 12 ta qo‘shimcha kurs joriy etish shartmi, ular qanday samara bermoqda? Fikrimizcha, qo‘shimcha kurs joriy etish shart emas, chunki aksariyati qayta nashrga tayyorlanayotgan darsliklar (asosan geografiya, biologiya, kimyo, tabiatshunoslik, tadbirkorlik asoslari fanlari) tarkibiga singdirib yuborilsa, masala hal bo‘ladi.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, 5-6- sinflarda “Vatan tuyg‘usi” kursi tarkibiga kiruvchi mavzularni ijtimoiy fanlarda ham uchratish mumkin. “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fanini uch yil davomida o‘qitish ham maqsadga muvofiq emas. Boisi “Bu fanning joriy etilishida milliy g‘oya ma’naviyatdan kelib chiqadimi yoki ma’naviyat milliy g‘oyadan kelib chiqadimi?” degan savolga javob izlash lozim. Milliy g‘oyaning mazmunini tashkil etuvchi tushunchalar asosida ma’naviyat yotadi, ya’ni ma’naviyat tushunchasi milliy g‘oya tushunchasidan katta. Shundan kelib chiqqan holda, biz 9-sinfda “Ma’naviyat asoslari”, 10-sinfda esa “Milliy istiqlol g‘oyasi” kurslarining o‘rganilishi taklif etilsa, maqsadga muvofiq, degan fikrdamiz. 7-8-9-sinf o‘quvchilari uchun nashrga tavsiya etilgan amaldagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarning deyarli har birida o‘zgalarning asarlaridan 94 tagacha so‘zdan iborat iqtiboslar keltirilgan. Ular o‘quvchilarning yosh xususiyatini hisobga olmay yozilgan. Mazkur darsliklar bugungi kun talablariga javob bermaydi. Bu uch darslik o‘rniga 9-sinf uchun darslik degan tushunchaning barcha talablariga javob beradigan zamonaviy “Ma’naviyat asoslari” darsligini yaratish bugungi kunning talabidir. Sinflarda tejalgan 2 soatning 1 soati 9-sinfda “Dunyo dinlari tarixi”, 1 soati esa informatika va axborot texnologiyalari faniga berilishi lozim. 11-sinflarda esa 9-sinfdagi “Davlat va din munosabatlari”, “O‘zbekistonning xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi o‘rni” mavzulari takrorlanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, behuda sarflanayotgan soatlarni zarur fanlarni o‘qitishga ajratish maqsadga muvofiq. Muhimi, har bir darslikni yaratishda fanga oid ma’lumotlar, mazmuniy jihatlar inobatga olinsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
U.JO‘RAYEV, Bo‘ka tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi