Ijodiy fikrlash sari yo‘l
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida inson kapitalini shakllantirishning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar va ularni hayotga tatbiq etish yo‘llari belgilab berildi. Jumladan, farmonda mamlakatimizning 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assesment) — o‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi qo‘yilgan.
Xalqaro tadqiqotlar tizimi
Konsepsiya bilan tanishgan kishida, tabiiyki, PISA tizimi tadqiqotlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot olish istagi tug‘iladi. Biz bu iboraga ilk bor Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida duch kelgandik. Mazkur hujjatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazini tashkil etish ko‘rsatilib, markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangandi:
— xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida ishtirok etish;
— ta’lim tizimida o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini rivojlantirishning innovatsion metodlarini ishlab chiqish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlar olib borish;
— ta’lim sifatini baholash sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish, xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro ilmiy anjumanlar va simpoziumlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish;
— ta’lim sifatini baholash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;
— ta’lim sifatini baholash bo‘yicha tadqiqotlarni ilmiy va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
— umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash;
— O‘zbekiston Respublikasining xalqaro baholash dasturlarida qayd etgan natijalarini boshqa davlatlar natijalari bilan qiyosiy taqqoslash.
Qarorga muvofiq, kelgusida mamlakatimiz ta’lim sifatini baholash bo‘yicha quyidagi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda:
— PIRLS (Progress in International Reading and Literacy Study) — boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash;
— TIMSS (The Trends in International Mathematics and Science Study) — 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;
— PISA (Programme for International Student Assesment) — 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;
— TALIS (The Teaching and Learning International Survey) — umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbar va o‘qituvchilari bilan so‘rovnoma o‘tkazish orqali maktabda o‘qitish va ta’lim olish jarayoni samaradorligini baholash.
Mamlakatimiz ta’lim muassasalari 2021-yili ilk marotaba PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi.
PISA: muammo va yechimlar
— Ushbu dasturga 1997-yili asos solingan, — deydi Mirishkor tuman xalq ta’limi bo‘limi ta’lim sifati monitoringi bo‘limi inspektor-metodisti Elyor Shoqulov. — Undan ko‘zlangan asosiy maqsad — dunyo bo‘ylab ta’lim tizimi samaradorligini aniqlash, 15 yoshli o‘quvchi-yoshlarning 3 yo‘nalishda (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) savodxonligiga, ijodiy va tanqidiy fikrlashiga, olgan bilimini hayotda qo‘llay olish qobiliyatiga baho berish va keyinchalik bu ko‘nikmalarni hosil qilishga undashdan iborat.
PISA xalqaro baholash dasturi testlari uch yilda bir marotaba o‘tkaziladi. O‘quvchilar bilimi sifati monitoringi uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha, 1000 ballik tizimda baholanadi. Har galgi monitoring jarayonida yuqorida sanalgan uch yo‘nalishdan biriga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, 2000-yili tadqiqotning asosiy yo‘nalishi o‘qish savodxonligiga, 2003-yili matematik savodxonlikka, 2006- yili esa tabiiy fanlar savodxonligiga qaratilgan. Bu holat davriy takror bo‘lishini inobatga olganda, 2021-yili asosiy fan sifatida matematika tanlanishi ayon bo‘ladi. Test savollari dasturga a’zo mamlakatlarning mutaxassislari bilan kelishilgan holda xalqaro konsultantlar guruhi tomonidan tuziladi. Shu nuqtayi nazardan qaralganda ta’lim tizimi xodimlari oldida turgan asosiy muammolar quyidagilardan iborat:
Birinchidan, o‘quvchilarning bilim darajasidagi nuqsonlar. Joriy yil mamlakatimizdagi 1035 maktabda o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra o‘quvchilarning o‘rtacha o‘zlashtirishi 70, sifat ko‘rsatkichi 44,8 foizni tashkil etgan, xolos. Matematika fanidan bu ko‘rsatkich yanada past ekani aniqlandi.
Ikkinchidan, bizda mavjud bo‘lgan darsliklarda PISA topshiriqlariga o‘xshash masala va misollarning kamligi. PISA topshiriqlari esa odatda uzundan-uzun matnlar yordamida ifodalanib, ulardagi real vaziyat va muammolarni hal qilish usulini tanlash uchun matematikaning qaysi bo‘limiga murojaat qilish haqida ko‘rsatmalar yo‘q. PISA topshiriqlari (matnli, rasmli, diagramma va jadvallar, real bog‘lanish grafikalari) turli shakllarda taklif qilinadi. Ularni matematik tilga o‘girish va yechim topilgandan so‘ng uni yana real sharoit bilan bog‘lab baholash va sharhlash talab qilinadi. Bizdagi matematika darsliklarida standart masala-lar beriladi va ular standart usullar yordamida yechiladi.
Bundan ko‘rinadiki, PISA dasturida mantiqiy fikrlash asosiy o‘rinda. Masalan, o‘quvchi matnda “aylana” so‘ziga duch kelmasa-da, aynan mazkur obyekt haqida so‘z borayotganini anglab yetishi lozim. Demak, birinchi navbatda, matematika darsliklarini o‘quvchini mantiqiy fikr-lashga undaydigan masalalar bilan boyitish zarur. Shuningdek, yurtimizda 130 dan or-tiq millat va elat vakillari istiqomat qilishi, ta’lim 7 tilda olib borilishi ham tarjima masalasida qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Dastur bizga nima beradi?
— 15 yoshli bolalar bilim darajasining miqdoriy ko‘rsatkichini adolatli aniqlash va xalqaro miqyosda qiyoslash;
— o‘quvchilarning savodxonligini oshirish hamda bilimini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlar hamda ota-onalarning hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
— umumta’lim maktablarida yaratilgan shart-sharoitlarni baholash yuzasidan miqdoriy ko‘rsatkichlarni aniqlash imkonini beradi;
— PISA bo‘yicha o‘quvchilar bilimiga qo‘yilgan bahoning har 50 balga oshishi yillik yalpi ichki mahsulotning bir foizga o‘sishini ta’minlashi xalqaro tajribalarda kuzatiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu dastur mamlakatimiz yoshlarining intellek-tual salohiyati yanada oshishiga xizmat qiladi.
Abdunabi ABDIYEV, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori